Breaking News

Rossiya muxolifati qamoqda yoki mamlakatdan siqib chiqarilmoqda


So’nggi oylarda Rossiyadan ko’plab muxolif faollar chiqib ketmoqda. Oy boshida siyosatchi Dmitriy Gudkov hibsga olinishi mumkinligidan xavotirlanib, mamlakatni tark etishga majbur bo’ldi.

Xalqaro hayot - 30-iyun, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:50 0:00

Sentabr oyida parlament saylovlari o’tkazilishi rejalangan. Muxolifatning saylovdagi ishtirokini cheklash yoki yo’qqa chiqarish maqsadida Kremlga qarshi ko’p faollar uy qamog’iga joylashtirilgan, mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’lgan yoki siyosiy sabablarga ko’ra qamalgan.

Muxolif kuchlarni muvofiqlashtirishga va aholida Kremlga qarshi kayfiyatlarni qo’zg’atishga usta Aleksey Navalniy 2,5 yilga qamalgan va yana bir necha ayblov bo’yicha qamoq muddati uzaytirilishi mumkin.

Navalniy Germaniyada bir necha oy muolaja olib, yanvar oyida Rossiyaga qaytishi bilan hibsga olingan. G’arb Kremlni Navalniyni zaharlaganlikda ayblagan, biroq Putin hukumati bunga doir dalil ko’rmaganini bildiradi.

Dmitriy Gudkovning aytishicha, hukumat har xil yo’llar bilan muxolif nomzodlarni saylovdan uzoqroq tutishga harakat qilyapti.

41 yashar sobiq qonunchi Kremlga qarshi namoyishlarni uyushtirishda yordam bergani uchun 2013-yilda otasi va sobiq deputat Gennadiy Gudkov bilan birga “Adolatli Rossiya” partiyasidan haydalgan edi. Hozir u Ukrainada.

Yana bir muxolifatchi Andrey Pivovarov yaqinda Rossiyada faoliyatini to’xtatishga majbur bo’lgan “Ochiq Rossiya” tashkilotining direktori edi. May oxirida u Varshavaga ketayotib, Sankt-Peterburg aeroportida ushlangan. Sud uni ikki oy hibsda saqlashni, so’ng sudga tortishni buyurdi.

“Ochiq Rossiya” sobiq milliarder, Kreml tanqidchisi Mixail Xodorkovskiyga qarashli ekani aytiladi.

Yana bir muxolifatchi Lyubov Sobol Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash jamg’armasida yurist bo’lib ishlagan hamda Navalniyning YouTubedagi kanaliga prodyuserlik qilgan.

Sobol Navalniy himoyasiga tashkil etilgan noqonuniy namoyishda qatnashganlikda, COVID-19 cheklovlarini buzganlikda ayblanib, uy qamog’iga qo’yilgan.

2014-yildan beri Navalniyga matbuot kotibi bo’lgan 31 yashar Kira Yarmish ham o’xshash ayblovlar bilan uy qamog’ida.

Kreml tanqidchisi va Navalniyning safdoshi Leonid Volkov bosh muxolifatchining regionlardagi shtablarini boshqargan, norozilik namoyishlarini muvofiqlashtirgan. 2019-yilda unga Navalniyning jamg’armasi orqali pulni yuvish aybi qo’yilishi ketidan Volkov Rossiyadan chiqib ketishga majbur bo’lgan.

2011-yilda ochilgan va shu oy boshida faoliyati man qilingan fondga direktorlik qilgan Ivan Jdanov ham endi xorijda.

Qo’shni Belarusda muxolifat prezident saylovidan so’ng namoyishlar uyushtirib, qamalgan yoki mamlakatni tark etgan bo’lsa, Rossiyada bu jarayon parlament saylovlaridan oldin ro’y bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG