Breaking News

Rossiya strategik yadro kuchlari tayyorgarligini tekshirdi


Bugun Rossiyaning Strategik yadro kuchlari rejadagi mashg’ulotini o’tkazdi. Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari general Valeriy Gerasimovning Prezident Vladimir Putinga hisobot berishicha, mashg’ulot paytida Plesetsk kosmodromidan qit’alararo ballistik raketa uchirilgan. Bundan tashqari suvosti kemasi hamda Tupolev strategik bombardimonchi samolyotlardan ham raketalar otilgan.

Xalqaro hayot - 26-oktabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:38 0:00

Kreml Qo’shma Shtatlar mashg’ulotlardan oldin xabardor qilinganini bildirdi. Amaliyotda Rossiyaga qarshi yadroviy zarbaga javob choralari mashq qilingani aytiladi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden bugun Rossiyani yana bir bor ogohlantirdi.

"Agar Rossiya taktik yadro qurolini ishga solsa, katta xato qilgan bo’ladi. Rossiya bu ishni qilib, boshqasini ayblamoqchi bo’layotganiga kafolat bera olmayman, ammo bu o’ta jiddiy xato bo’lardi”, - dedi u.

Kremlga ko’ra, Ukraina radioaktiv materiallardan yasalgan iflos bomba yaratib, uni portlatmoqchi va aybni Rossiyaga to’nkamoqchi.

Seshanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashining yopiq majlisida Rossiya shu masalani ko’tardi, biroq Ukrainaning G’arbdagi ittifoqchilari Moskva da’volariga ishonmasligini bildirdi. Va aksincha G’arb bu ishga aynan Rossiya qo’l urmoqchi ekanini ta’kidlab keladi.

Rossiyaning BMTdagi vakolatxonasi rahbarining o’rinbosari Dmitriy Polyanskiy Xavfsizlik Kengashi majlisida razvedka ma’lumotlari ulashilganini bildirdi, biroq Britaniyaning BMTdagi elchisi o’rinbosari Jeyms Kariukiga ko’ra, Rossiyadan biror yangi dalil olinmagan.

“Rossiya har doimgiday yolg’on ma’lumot tarqatyapti”, - dedi u.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma Rossiya da’volarini tekshirish maqsadida yaqin kunlarda Ukrainaga vakillarini yubormoqchi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergga ko’ra, Rossiyaning Ukraina iflos bombani portlatmoqchi ekani haqidagi da’volari yolg’ondir.

"Rossiya o’zi qilmoqchi bo’lgan narsada boshqalarni ayblashga odatlangan. Buni Suriyada ham, Ukrainada ham ko’rdik. Eskalatasiya maqsadida Rossiya bahonalardan voz kechishi kerak”, - dedi u.

Stoltenberg NATOning “Neptun zarbasi” deb nomlanuvchi harbiy missiyasini kuzatmoqda. Unda 80 dan ortiq samolyot, 14 ta kema, 6000 ga yaqin qo’shin qatnashyapti.

Bu o’rtada Rossiya Mudofaa vazirligi qisman safarbar etilgan qo’shinlarining harbiy tayyorgarligi yakuniy bosqichda ekanini ma’lum qildi. Hozircha Rossiyaning to’rt mintaqasi, jumladan poytaxt Moskvada safarbarlik 100 foiz bajarilgani aytilmoqda.

Safarbarlik e’lon qilinganidan so’ng mamlakatdan qochgan minglab fuqarolarning ba’zilari qimmat ijara narxlari bilan yuzlashib, yana ko’chishga majbur bo’lyapti.

Xususan, Qozog’istonga qochgan 200 mingdan ziyod rossiyalikning to’rtdan uch qismi mamlakatni tark etgani aytilyapti.

Yana bir necha ming rossiyalik urushda qon to’kishdan ko’ra Armanistonga qochishni afzal ko’rdi. Safarbarlikdan qochganlarning aksariyati masofadan ishlab pul topishga qodir axborot texnologiyalari mutaxasslari.

"Ko’p do’stlarim Rossiyani tark etdi. Kimdir bu yerga, kimdir Qozog’istonga, yana kimdir O’zbekistonga qochdi. Rossiyaning kelajagi qanday bo’lishi ma’lum emas”, - deydi Armanistonga 23-sentabr kuni qochgan Nikolay Salnikov.

Uning aytishicha, safarbarlikning tugagani e’lon qilinishi ketidan kimdir Rossiyaga qaytib ketdi, biroq Salnikovning o’zi buni tuzoq deya ko’rmoqda.

Rossiya fuqarolari Armanistonda 6 oygacha vizasiz qolishi mumkin.

"Rossiyaga qaytamiz, ammo hozir emas. Avval hozirgi rahbariyat almashsin. Qachon almashishi ma’lum emas, Iqtisodiyot tiklanishiga qancha vaqt ketadi, yangi rahbariyatda liberal islohotlarni amalga oshirishga iroda bo’ladimi? Bularsiz Rossiyaga qaytib borishga ko’zim yetmaydi”, - deydi Georgiy Trubnikov.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG