G’arb va rus matbuotiga ko’ra, Rossiya qurolli kuchlari Ukraina sharqidagi Severodonetsk shahrini ishg’ol qilishga yaqin turibdi, ukraina harbiylari shahar markazidan siqib chiqarilgan.
Lugansk viloyatining ramziy hokimiga aylangan Sergey Gaydayning aytishicha, keyingi 2-3 kun shahar uchun janglarda muhim bo’ladi. Rus qo’shinlari Severodonetskdan so’ng qo’shni Lisichanskka hujum qilishi, uni qo’lga kiritishi ketidan Lugansk viloyati Ukraina nazoratidan batamom chiqishi kutilmoqda.
Severodonetskdagi janglarda Britaniyaning ikkinchi fuqarosi o’lgan. Jordan Getli mart oyida britan armiyasida xizmatini tugatib, Ukrainaga yo’l olgan edi. Uning o’limi haqida ijtmoiy sahifalarda zobitning otasi ma’lum qilgan.
Skot Sibli ismli yana bir britaniyalik harby faxriy Ukrainada aprel oyida halok bo’lgan edi. Qirollikning yana ikki fuqarosi esa Donetskda sudga tortilib, o’lim jazosiga mahkum etildi.
Donetskdagi bo’lginchi respublika rahbari Denis Pushilinning aytishicha, ularni avf etishga asos yo’q. Ukraina tarafida jang qilgan bir marokashlik ham oliy jazoga mahkum etilgan.
Bu o’rtada ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Ukraina armiyasi Donetsk shahrini takroran nishonga olgan. NATO davlatlari Ukrainaga uzatgan artilleriya hujumida kamida uch odamning nobud bo’lgani ma’lum.
Rossiya Mudofaa vazirligi Donetsk yaqinida AQSh va Yevropa Ukrainaga bergan harbiy texnika va qurol saqlangan yirik ombor raketa hujumida yo’q qilinganini, uchta samolyot urib tushirilganini ma’lum qildi.
Rossiya urush boshidan beri 98 milliard dollarlik yoqilg'i sotgan
G’arb davlatlari Ukrainaga qurol bilan yordam berish bilan bir qatorda Rossiya harbiy va moliyaviy salohiyatiga zarba berish maqsadida mislsiz sanksiyalar ham qo’llagan. Sanksiyalarning bir qismi Rossiya energetika sanoatiga qaratilgan, biroq bugun Finlyandiyada chop etilgan bir hisobotdan ma’lum bo’lishicha, urush boshidan beri Rossiya neft va gaz savdosidan 98 milliard dollar pul ishlagan va uning eng katta xaridori sanksiyalarni kiritgan Yevropa Ittifoqining o’zi bo’ldi.
Jumladan unga a’zo Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Polsha va Fransiya salkam 40 milliard dollarlik yoqilg’i xarid qilgan. Jami Yevropa Ittifoqi hissasiga 60 milliard dollarga teng savdo to’g’ri keladi. Xitoy, Hindiston, Turkiya ham rus gazi va neftining faol xaridorlaridir.
Urushgacha Yevropa gazning 40 foizini, neftning esa 27 foizini Rossiyadan olardi.
Facebook Forum