Breaking News

Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 33-kun. Zelenskiy qator masalalarda murosaga tayyor


Ukrainalik qochqinlar
Ukrainalik qochqinlar

Ukrainadagi urushning 33-kunida Azov dengizi bo’yidagi Mariupol shahrining katta qismi Rossiya qo’shinlari nazoratiga o’tdi. Kiyev, Lvov, Nikolayev kabi viloyatlardagi harbiy inshootlar, qurol-yarog’ va yoqilg’i omborlari nishonga olinmoqda.

Xalqaro hayot - 28-mart, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:06 0:00

Polshaga safar qilgan AQSh Prezidenti Jo Bayden ukrainalik qochqinlar bilan uchrashib, urush haqida ma’ruza qildi.

“Rossiya Ukrainada hech qachon g’alabaga erishmaydi, chunki erkin odamlar umidsizlik va zulmat dunyosida yashashni istamaydi. Bu odamni hokimiyatda qoldirib bo’lmaydi”, - dedi Bayden Rossiya prezidentiga ishora qilib.

Rasmiy nutqidan chetga chiqib, Vladimir Putinni hokimiyatdan ketishga chaqirgan Baydenning bu so’zlariga oydinlik kiritishga shoshilgan AQSh rasmiylariga kora, Vashington Rossiyada siyosiy tuzumni o’zgartirishni maqsad qilmagan.

Respublikachi senator Jeyms Rishning aytishicha, Bayden oldindan tayyorlangan ma’ruzasidan chetga chiqmasligi kerak edi.

“Siyosatimiz tuzumni o’zgartirishdan iborat deb aytadigan bo’lsak, juda katta muammoga turtki beramiz. Bu ma’muriyat vaziyat keskinlashmasligi uchun qattiq harakat qildi, ammo tuzumni o’zgartirishga da’vat bu ishda yordam bermaydi”, - dedi qonunchi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy vatandoshlariga murojaatida mamlakatining hududiy daxlsizligiga urg’u berdi, biroq muxolif rossiyalik jurnalistlar bilan suhbat chog’ida Ukraina sharqdagi Donbass mintaqasi masalasida yon berishga tayyor ekanini, Ukrainaga betaraf va yadrosiz maqom berilishiga rozi ekanini aytdi.

"Xavfsizlik kafolatlari va betaraflik, davlatimizga yadrosiz maqom. Bunga tayyormiz”, - dedi Zelenskiy.

Bungacha bir necha mamlakat parlamentlariga virtual murojaat qilgan Zelenskiy Avstriyadan bu iltimosiga rad javobini oldi. Vena betaraf davlat ekaniga ishora qildi.

Seshanba kuni Turkiyada Rossiya-Ukraina yuzma-yuz muzokaralarining ikkinchi davrasi rejalangan. Rossiya delegatsiyasi bugun Istanbulga yetib borgan. So’nggi kunlarda ikki taraf virtual muloqot qilib kelayotgan edi.

Zelenskiy Putin bilan uchrashish istagida ekanini bir necha bor ta’kidlagan, biroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, buning uchun avval tomonlarda muhim masalalar bo’yicha kelishuv bo’lishi kerak.

Rossiya Ukrainadagi harbiy amaliyotdan maqsad Ukrainani harbiy salohiyatidan ayirib, natsist mafkuraga barham berish ekanini ta’kidlab keladi. Rossiya va Donbassdagi Kiyevga qarshi kuchlar nazoratga olgan ayrim hududlarda Ukraina milliy pul birligi grivna o’rniga rubl muomalaga kiritilmoqda.

Luganskdagi isyonchilar Rossiya tarkibiga qo’shilish bo’yicha referendum o’tkazilishi mumkinligiga ishora qildi.

Kreml 23-fevral kuni Donetsk va Luganskdagi xalq respublikalarini mustaqil davlatlar deb tan olgan edi.

Ukrainalik siyosatchilar “xorijiy qo’shinlar istilosidagi hududda o’tkazilgan referendum qonuniy asosga ega emas” deya e’tiroz bildirmoqda.

"Vaqtincha istilo qilingan hududlardagi barcha soxta referendumlar bir tiyinga qimmat bo’lib, qonuniy kuchga ega bo’lmaydi”, - deydi Ukraina Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Oleg Nikolenko.

AQSh va G’arb Rossiyaning Ukrainadagi urushiga javoban Moskvaga qarshi misli ko’rilmagan sanksiyalar qabul qildi. Yevro va dollar bilan ish qilish imkoniyatidan ayrilgan Rossiya yoqilg’i mahsulotlarini sanksiyalarga qo’li tekkan mamlakatlarga rublda sotishga qaror qildi.

“Katta Yettilik”ka a’zo davlatlar Moskvaning bu talabini o’rganib chiqib, rublda ish qilishdan bosh tortishga kelishib oldi.

"To’lovlarni rublda amalga oshira olmaymiz, barcha kompaniyalarni Putin talabiga bo’yin egmaslikka chaqiramiz”, - dedi Germaniya vitse-kansleri Robert Xabek “Katta Yettilik” energetika vazirlari majlisida.

Rossiya Yevropa gazni rublda sotib olishdan bosh tortsa, qit’aga yoqilg’i ta’minoti to’xtalishi haqida ogohlantirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG