Ukrainaning Mariupol shahridagi “Azovstal” metallurgiya kombinatida ukrain harbiylari bilan birga bunkerlarda jon saqlagan oddiy fuqarolar BMT vositachiligida evakuatsiya qilinishi ketidan bungacha vaqtincha sulh e’lon qilgan Rossiya qurolli kuchlari korxonani o’qqa tutishda davom etdi.
Sovet paytida qurilgan va Azov dengizi bo’yida joylashgan ulkan zavod bungacha ham haftalab davomida raketa va artilleriya hujumlariga uchragan edi. Korxona Mariupol shahrida Ukraina qo’shinlari qarshilik ko’rsatayotgan yagona joy bo’lib, Rossiya tarafiga ko’ra, ichkarida 2000 ga yaqin mahalliy va xorijiy jangchilar bor.
Hafta oxirida “Azovstal”dan 126 odam chiqqani, bir qismi Rossiya, qolgani Ukraina nazoratidagi hududlarga yo’l olgani aytilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi bugun, shuningdek, Qora dengiz bo’yidagi Odessa shahrida AQSh va Yevropa Ittifoqi tomonidan yetkazilgan qurol, raketa, o’q-dori va dron saqlangan harbiy aerodrom nishonga olinganini ma’lum qildi. Odessa gubernatori Maksim Marchenko hujumni tasdiqlagan.
Ukrainaning boshqa qismlarida esa boshqaruv markazlari, S-300 havo mudofaasi tizimlariga zarba berilgani aytilmoqda.
Bu o’rtada Yevropa Ittifoqi Rossiya nefti importidan voz kechishga qaratilgan chora xususida kelisha olmayapti. Rus yoqilg’isiga 58 foizga tobe Vengriya va 96 foizga tobe Slovakiya shunday sanksiya qabul qilinishiga qarshilik ko’rsatarkan, Yevropa Komissiyasi ushbu mamlakatlarga neft embargosidan mustasno bo’lishni taklif etmoqda. Ya’ni tashkilotga a’zo boshqa mamlakatlarga rus neftini sotib olish taqiqlangan bir paytda Vengriya va Slovakiya uni import qilishda davom etadi.
Yevropa Ittifoqi neftga bo’lgan ehtiyojining 26 foizini Rossiya tabiiy resurslari hisobiga qoplaydi.
Vengriya rasmiylariga ko’ra, muqobil ta’minotchini topib, ta’minot tizimini tashkil etishga 5 yilcha vaqt va katta xarajat ketadi.
O’tgan yili neftning 35 fozini Rossiyadan sotib olgan Germaniya ayni paytda tobeligini 12 foizgacha tushirishga muvaffaq bo’lgan. Yil oxirigacha Rossiya neftidan butunlay voz kechishini bildirgan Berlin bugun kutilmaganda Yevropa Ittifoqining embargo haqidagi qarorini shu bugunoq qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
"Rus neftini man qilishga qarshi emasmiz. Albatta bu bizga qimmatga tushadi, biroq bunga tayyormiz”, - deydi Germaniya Iqtisodiyot vaziri Robert Xabek.
Gaz masalasida esa Yevropa Ittifoqi a’zo davlatlarni Rossiyaning gazni rublga xarid qilish talabiga bo’yin egmaslikka chaqirmoqda. Gaz uchun rublda to’lashdan bosh tortgan Bolgariya va Polsha uchun Rossiya ta’minotni uzib qo’ydi. Ittifoqning qolgan a’zolari oy oxirigacha Kreml shartini bajarmasa, ularning ham taqdiri shunday bo’lishi haqida ogohlantirilmoqda.
Urush boshida mamlakatni tark etgan xorijiy diplomatlar Ukrainaga qaytmoqda. Xususan, AQSh elchixonasi xodimlari Polshadan Lvovga qaytgan, yaqin orada poytaxt Kiyevga ko’chirilishi kutilmoqda.
Kiyevda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ko’rishgan Daniya Tashqi ishlar vaziri Jeppe Kofod Daniya elchixonasining qayta ochilish marosimida qatnashdi. Unga ko’ra, Kopengagen qurol uzatishda, Rossiyaga sanksiya qo’yishda butunlay Ukraina tarafida.
Bugun Kiyevga Britaniya elchisi ham qaytgan.
Facebook Forum