Seul va Vashington AQShning Janubiy Koreyadagi qo’shinlariga oid xarajatlar ulushi ustida kelisha olmayapti. Tramp ma'muriyati ulushni 50 foizga oshirishni talab qilgan.
Tomonlar o’tgan yilning mart oyidan beri 10 marta uchrashdi. Biroq 2014-yilda imzolanib, o’tgan yilgacha amal qilgan bitimni yangilashning imkoni bo’lmayapti. Janubiy Koreya AQShning 28 500 harbiydan iborat qo’shiniga yiliga 960 milliard von (848 million dollar) ajratar edi.
AQSh qo’shinlari Janubiy Koreyaga 1950-53-yillardagi urushi paytida kirgan. Prezident Trampga ko’ra, Seul bu kuchlar xarajatining yanada ko’proq qismini qoplashi kerak.
Janubiy Koreya qonunchisi Xong Yang-pyoning aytishicha, o’tgan yil dekabridagi uchrashuvda Vashington “qabul qilib bo’lmaydigan” talab qo’ygan. Seuldan yiliga 1,4 trillion von so’ralmoqda. Bu Seulning joriy ulushidan 1,5 barobar ko’p.
Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Kan Kyon Xva muzokaralar bo’yicha qonunchilarga axborot berdi. Har qanday kelishuv parlament tasdig’idan o’tishi lozim.
“Biz parlament va xalq uchun asosli, davlat byudjetiga to’gri keladigan va tushunarli kelishuvga erishishga harakat qilamiz”, - deydi vazir.
Qonunchi Kan Syok-xoning bildirishicha, hukumat yiliga 1 trilliondan ortiq mablag’ ajratishga rozi emas. Yangi bitim Vashington aytganiday bir yil emas, besh yil amal qilishi lozim.
Navbatdagi muzokaralar qachon bo’lishi noma’lum.
Tramp o’tgan yil iyunida Janubiy Koreya bilan qo’shma harbiy mashg’ulotlarni bekor qilgan edi. U mashg’ulot xarajatlarining katta qismini Amerika qoplashini asosiy sabab qilib ko’rsatgan.
Vashingtonga ko’ra, harbiy mashg’ulotlarning to’xtatilishi Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturidan voz kechishga qaratilgan kelishuvni tezlashtiradi.
Facebook Forum