Breaking News

Sanders uch shtatda o'tgan saylovlarda g'olib bo'ldi


Berni Sanders San-Diyegoda, 22-mart, 2016-yil
Berni Sanders San-Diyegoda, 22-mart, 2016-yil

Shanba kuni AQShning uch shtatida o'tgan partiyaviy saylovlarda Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod, Vermont shtatidan senator Berni Sanders barchasida g'olib bo'ldi. Sanders noyabrda bo'ladigan asosiy saylovlarda partiyadan yagona nomzod sifatida qatnashish huquqi uchun unga qarshi kurashayotgan Xillari Klinton bilan masofani qisqartirishga muvaffaq bo'ldi.

Sobiq davlat kotibi poygada peshqadam, ammo Klinton bu gal Sandersga bas kelolmadi. Senator Vashington va Gavayi shtatlarida ovozlarning 70 foizidan ortig'ini, Alyaskada esa 82 foizini qo'lga kiritdi.

Shunga qaramay, delegatlarning bir qismi Klinton hisobiga yozildi. Respublikachilarning tanlovida ayrim statlarda g'olib bo'lgan nomzodlar barcha delegatlar ovoziga ega bo'ladi, biroq Demokratik partiya qoidalariga ko'ra, delegatlar ovozi qo'lga kiritilgan foizlarga qarab taqsimlanadi.

"G'arbiy shtatlarda muvaffaqiyatga erishishimizni bilgan edik", - dedi Sanders shanba kuni shimoldagi Viskonsin shtatida o'tgan saylov kampaniyasi paytida.

Klinton janubdagi aksariyat shtatlarda g'olib chiqdi. Sanders esa g'arbiy shtatlarda o'tgan so'nggi olti tanlovdan beshtasida.

Delegatlar soni bo'yicha Sanders Klintondan salkam 300 ovoz ortda, superdelegatlar sonini hisoblaganda esa Klintonning ustunligi yanada salmoqli.

Shunga qaramay, Sanders poygadan chiqmoqchi emas.

Keyingi saylov 5-aprel kuni Viskonsinda, so'ng 9-aprelda Vayomingda. 19-aprel kuni esa Sanders va Klinton Nyu-York shtatidagi 291 delegat ovozlari uchun bellashadi. Davlat kotibi bo'lishdan oldin Klinton Nyu-York shtatidan AQSh senatori bo'lib ishlaganini ta'kidlash joiz.

Bu o'rtada Respublikachilar partiyasidan da'vogarlar ham shtat saylovlariga hozirlanmoqda. Peshqadam Donald Tramp "Nyu-York Tayms" gazetasiga bergan intervyusida tashqi siyosat bo'yicha qarashlarini bildirdi.

Trampning aytishicha, agar u prezidentlikka saylansa, Amerikaning Saudiya Arabistoni va boshqa arab mamlakatlaridan neft sotib olishini to'xtatadi, toki bu mamlakatlar "Islomiy davlat" terrorchi guruhiga qarshi kurashni kuchaytirmas yoki AQShning bu boradagi xarajatlarining katta qismini qoplamas ekan.

Trampga ko'ra, Qo'shma Shtatlar bir paytning o'zida ham Suriya Prezidenti Bashar Assad, ham "Islomiy davlat"ga qarshi kurashga kirib, xato qilyapti.

"Biz uchun "Islomiy davlat" Assaddan xavfliroq", - dedi tadbirkor.

Trampning aytishicha, AQShdan xavfsizlik kafolatlarini olgan Yaponiya va Janubiy Koreya Amerikaga yaxshiroq kompensatsiya to'lashi zarur. Qo'shma Shtatlar bu ikki mamlakatda harbiy bazalarga ega bo'lib, ular bilan Shimoliy Koreya tahdidiga qarshi hamkorlik qiladi.

Tramp, shuningdek, terrorga qarshi kurash uchun NATOga o'xshagan tashkilot yaratishini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG