Breaking News

Saudiya Arabistoni ayollari rulga o'tiradi, 2018-yildan


Saudiya Arabistonida xotin-qizlarga ilk bor mashina haydashga ruxsat berildi. Qirol imzolagan farmonda haydovchilik guvohnomasini erkak va ayollar birdek olishga haqli, deyiladi.

Riyodning AQShdagi elchisi, qirolning o'g'li Xolid bin Salmon so'zlariga ko'ra, qiz-juvonlarning rulda o'tirishi mamlakat uchun "katta qadam" va jamiyat bunga tayyor.

Islomiy qonunchilik ham, yo'l-transport to'g'risidagi qonun ham ayollarga mashina haydashni taqiqlamasa-da, ularga shu paytgacha guvohnoma berilmagan. Haydaganlar esa ushlanar edi.

Yangi farmon 2018-yilning iyunida kuchga kiradi.

"Xalqaro Amnistiya" huquq tashkilotiga ko'ra, Saudiya Arabistoni hukumati bu masalada yon bergani jasoratli faollar yillardan buyon olib borayotgan kampaniya natijasidir.

AQSh Prezidenti Donald Tramp farmonni olqishlamoqda.

"Bu Saudiya Arabistonida ayollar huquqi, ular uchun imkoniyatlarni kengaytirish yo'lida ijobiy qadam", deydiladi Oq uy bayonotida.

Saudiya qirolligi - xotin-qizlar mashina boshqarishi taqiqlangan yagona mamlakat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG