Breaking News

Tabiiy ofatlarga tayyor turish kerak, Los-Anjelesdan lavha


Yaqinda Los-Anjelesda ro’y bergan zilzila ofatlarga tayyor turish ahamiyatini yana bir bor eslatdi. Ekspertlar fikricha, har bir xonadon suv va oziq-ovqat, shuningdek, favqulodda vaziyatda kerak bo’ladigan asbob-uskunaga ega bo’lishi kerak.

Yaqinda Kaliforniya shtatida 5,1 ballga teng zilzila oqibatida ayrim binolar vayron bo’ldi. Oqibatlari uncha talofatli bo’lmasa-da, 3,5 ballga teng takror silkinishlar aholini vahimaga soldi.

Los-Anjeles okrugi favqulodda vaziyatlar markazida yoshlar falokat ro’y berganda ishlatiladigan uskunalarni ko’rsatyapti. Fonar va batareykalardan tortib adyollargacha – hamma narsa bor. Ular FEMA, Favqulodda vaziyatlarni boshqarish agentligida treningdan o’tmoqda.

Turli idoralar muvofiq holda ishlashini ta’minlash o’ta muhim. Los-Anjeles okrugida 88 ta shahar bor va o’nlab agentliklar ishlaydi. Har narsaga tayyor turish kerak, deydi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan Lesli Lyuk.

“O’tgan bir oyda o’rmon yong’inlari, kuchli sel, yer ko’chishlari va mana endi zilzila bilan yuzlashdik”.

Qo’shni Long-Bich shahrida ham Qizil Xoch tashkiloti odamlarni ogohlikka undamoqda. Mutaxassislar tabiiy ofatdan keyin kamida uch kunga yetadigan yegulik va dori-darmon g’amlab qo’yishni maslahat beradi. Tashkilot rasmiysi Margaret Arbini-Madonna deydiki:

“Zilzila boshlanishi bilan stol yoki boshqa narsa tagiga o’tirib oling, tepadan tushayotgan narsalardan bosh va bo’yinni asrang”.

Yoningizda ko’p funksiyali radio bo’lishi ham asqatadi.

“Ham soat, ham chiroq, ham radio sifatida ishlata olasiz,” - deydi Arbini-Madonna.

Yer qimirlashi Kaliforniya uchun odatiy hol. Kelasi 10 yillikda bu yerda 8 ballga teng kuchli zilzila ro’y berishi ehtimoli yuqori, deydi seysmologlar. Bu degani, o’nlab shaharlar vayronaga aylanadi. 1906-yilda San-Fransisko atrofida minglab odam halok bo’lgan va bu takrorlanishi mumkin.

Agar shahar yaqinida ro’y bersa, o’rta kuchdagi silkinishlar ham xavfli. 20 yil avval Nortrij shahrida 6,7 ballik zilzila 50 dan ziyod odamning hayotiga zomin bo’lgan.

Kaliforniya texnologiya institutidan Keyt Xattonning aytishicha, ogohlantirish tizimini yaratish ustida izlanishlar boshlangan. Bir necha soniya ichida minglab odamning

“O’sha qisqa vaqt ichida stol tagiga yashirinish, liftdan chiqish, hatto poyezd tezligini pasaytirishga ulgurasiz”.

Hozircha zilzilani bashorat qilishning imkoni yo’q. Omon qolishning eng yaxshi yo’li tayyorgarlik, deydi mutaxassis.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG