Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Dushanbedagi sammitini yakunladi. Tahlilchilar va jamoatchilik esa bu borada o’z fikrlarini bildirmoqda.
Tojikiston, Qozoq'iston, O’zbekiston, Qirg’iziston, Rossiya va Xitoy a'zo tashkilot 1 milliard 600 milloindan ortiq aholi istiqomat qiladigan hududni qoplaydi.
Besh davlat - Afg’oniston, Eron, Hindiston, Mongoliya va Pokiston - kuzatuvchilar.
Belarus, Turkiya va Shri Lanka - sheriklar.
Yig'inda qabul qilingan hujjatlarga ko’ra kelasi ikki yilda tashkilotga Hindiston va Pokiston a’zo bo’lishi mumkin. Biroq bu ikki mamlakat orasidagi hududiy kelishmovchiliklar sabab Shanxay-6 ga kirishi qiyin degan fikrlar ham mavjud.
Yo’l, kommunikasiya, moliya, a’zolikning yangi qoidalari, 2025-yilgacha bo’lgan strategik taraqqiyot rejasi, terrorizmga qarshi kurash va boshqa sohalardagi hamkorlikka doir 10 hujjat imzolandi.
Tojikistonlik o’zbek olimi llhom Yusupov fikricha, Shanxay-6 Ukraina va Yaqin Sharqdagi vaziyat xususida konkret biror narsa demadi, yopiq eshiklar ortidagi muloqotni hisobga olmasak.
Shuningdek, deydi u:
“Xitoy ShHT a’zolariga ajratishi ko’zda tutilgan 5 milliard dollar qayerga ketadi? Buni aniq bilmaymiz”.
Tojikiston milliy iniversiteti o’qituvchisi Sadorat Horisova nazarida sammit mamlakat uchun ijobiy o’zgarishlar keltirishi mumkin. Bunda u Tojikiston va Qirg’iziston chegara muammolariga ishora qiladi.
“Tojkiston uchun yangi hamkorlik ufqlari va mamlakatdagi mavjud muammolar yechimi bobida yangicha yo’llar ochiladi deb o’ylayman. Masalan, Qirg’iziston va Tojikiston prezidentlari o’zaro chegara muammolarini alohida ta’kidlashdi."
ShHT hamkorligida Tojikistonda 27 investitsion loyiha olib borilayotgan bo’lsa-da, mamlakatda yirik o’zgarishlar sezilmaydi.
Usta Abdumalik Jumayev O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning tashrifidan ko’p narsa kutganini lekin umidlari amalga oshmaganini aytadi.
“Odamlar chegara ochilishini kutgandi. Bizga Shanxayskiysi nima kerak? Shuncha davlatlarning rahbarlari keldi, chegaralarni ochish kerak edi. Xalq oldi-berdisini qilsin, quda-andalar bor hamma yerda. Borolmasak, hamma yerga darvoza qo’yib tashlashgan… Biz chegaralar ochilishini kutgandik”.
Tojikiston va O’zbekiston orasida mol ayirboshlash bundan o’n yilcha muqaddam yiliga 500 million dollarga chiqqan bo’lsa, joriy yilda bu ko'rsatkich atigi 2 milloin dollarni tashkil etgan.
Islom Karimov va Emomali Rahmon uchrashdi, iliq so'zlar almashdi. Biroq, deydi kuzatuvchilar, konkret o'zgarishdan darak yo'q.
Tashkilotga raislik Rossiya federatsiyasiga o’tgan. ShHTning navbatdagi sammiti kelasi yil yozda Ufa shahrida o’tkaziladi.