Prezident Islom Karimov Pekinda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ikki kunlik anjumanida qatnashmoqda. Safar paytida O’zbekiston va Xitoy o’rtasida rishtalarni strategik sheriklik darajasiga ko’tarishga doir qo’shma deklaratsiya imzolangan.
Karimovning aytishicha, Xitoy mintaqada tinch taraqqiyotni qo’llab-quvvatlab keladi va O’zbekistonning ishonchli hamkoridir. Xitoy hozir sarmoya kiritish bo’yicha O’zbekistonda yetakchilardan sanaladi.
O’zbekiston prezidentining Xitoyga tashrifi arafasida Toshkent va Pekin o’rtasidagi rasmiy uchrashuvlar bir qadar muntazamlashgani kuzatildi.
Toshkentga Xitoy rahbarining maxsus vakili, Xitoy inson huquqlari jamiyati, Xitoy xalq armiyasi rasmiylaridan iborat delegatsiyalar safar qildi.
Bu uchrashuvlar natijasi o’laroq rasmiy Toshkent Xitoyni Tayvan, Tibet va Shinjon -uyg’ur muxtoriyati bo’yicha tutgan pozitsiyasini to’la qo’llab quvvatlashnini yana bir bor tasdiqladi.O’zbekiston uchun Xitoy asosiy iqtisodiy hamkorlardan biri. O’tgan yili bu davlat respublikaga 4 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritgan.
O’zbekiston energetik zaxira bozori ham o’tgan yildan boshlab Xitoy hisobiga kengaydi. Markaziy Osiyodan Xitoy tomon yotqizilgan quvurlar tabiiy boyliklarni sotishning muqobil yo’nalishidir.
Tomonlar o’rtasida stretegik hamkorlik kuchayar ekan, Xitoy Markaziy Osiyoda o’z nufuzi va ta’sirini oshirishda davom etmoqda.
Vaziyatni tashvish bilan kuzatib turgan tomonlardan biri bu uyg’ur faollardir.“Xitoyning mintaqadagi asl maqsadi faqatgina iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish emas, balki hududiy maqsadlarga ham ega. Qozog’iston xalqidagi noroziliklarga qaramasdan bir qism yerlarini Xitoyga berdi. Bu narsa Tojikistonda ham, Qirg’izistonda ham kuzatildi. Chunki Xitoyning O’rta Osiyo davlatlaridan tuproq talabi bor. U ayrim hududlarni o’ziniki deb hisoblaydi. Lekin mintaqa hukumatlarini ming yillardan buyon ota-bobolarimiz vatani bo’lib kelgan yerlarni o’z xalqining noroziligiga qaramasdan Xitoyga topshirishi bu xiyonat bilan teng. Bu ertaga kelajak avlodlarimiz uchun katta muammolarni keltirib chiqaradi”, -deydi Jahon Uyg’urlari Kongressi Bosh kotibi To’lqin Isa.
Xitoy va O’zbekiston inson huquqlari muntazam ravishda buziladigan jamiyatlardir.
Pekin va Toshkent bu borada bir pozitsiyaga ega, ya’ni ichki masalalarga tashqi dunyo, ayniqsa, G’arb aralashmasligi kerak.
O’zbekiston hukumati uyg’urlarni qardosh elat deb ataydi, ammo ularning erkinlik talabini quvvatlamaydi.
Xalqaro jamoatchilik e’tiroziga qaramasdan Xitoy tomonidan ayirmachilikda ayblangan uyg’ur faollar O’zbekistondan Pekinga deportatsiya qilingan.
Pekinda o’tayotgan sammitda terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi birgalikda kurash haqida gap ketmoqda.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotining mintaqaviy aksilterror markazi Toshkentda joylashgan.So’nggi paytda bu idora tomonidan internet nazoratini kuchaytirish bo’yicha ko’tarilgan tashabbuslar kuchli xavotirga sabab bo’lmoqda.
“Xitoy azaldan internet dushmani… Agar ular terrorozmga qarshi kurash bahonasida internetdagi shaffof axborotga qarshi kurashmoqchi bo’lishsa, bu jiddiy natijalarga olib kelishi mumkin. O’zbekistonda shundoq ham mustaqil axborot vositalariga to’siq qo’yilgan”, - deydi jurnalist Qudrat Bobojon.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Xitoy, Rossiya, O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston kiradi. Hindiston, Eron, Mongoliya va Pokiston - kuzatuvchi davlatlar.
O’tgan yili o’n yilligini nishonlagan bu organ boshida iqtisodiy hamkorlikni ko'zlagan bo'lsa, bugun o’z missiyasini global tahdidlarga qarshi kurashda ko’radi.