Federal qidiruv idorasi rahbari Jeyms Komi o'tgan yili prezident saylovlariga ikki hafta qolganida nomzod Hillari Klintonga aloqador tergov ishini qayta ochish haqida bergan qarorini himoya qilmoqda. Komi Senatdagi tinglovda shu haqda so'zladi.
Shuningdek, FBR Rossiya va Tramp o'rtasida ehtimoliy muloqot yuzasidan tergov olib borayotgan bo'lgan, ammo buni saylovdan keyin e'lon qilgan. Komi bu qarorga ham izoh berdi.
"Dahshatli, albatta. Saylovga ta'sir qilgan bo'lishimiz mumkinligini o'ylasam, ko'nglim ag'dariladi", - dedi Jeyms Komi.
Klinton davlat kotibi lavozimida xizmatga doir minglab maktublarni shaxsiy elektron pochtasidan yuborgan. Bunga doir yangi ma'lumotni jamoatchilikka bildirish oson emas edi, deydi Komi.
"Jim yurishim kerakmidi? Hatto hozir bu haqda o'ylashim qiyin. Ammo bugun xuddi shu qaror bilan yuzlashsam, yana o'shanday yo'l tutgan bo'lar edim", - dedi u.
O'shandan bir necha oy oldin Jeyms Komi Klintonga doir tergovni yopgan. Uning aytishicha, bosh diplomat ehtiyotsiz ish ko'rgan, ammo bu jinoyat bilan teng emas. Oradan biroz vaqt o'tib, yangi maktublar haqida ma'lumot paydo bo'lib, tergov qayta ochilgan.
Senat Adliya qo'mitasidan demokrat Dayan Faynstayn nazarida Komi katta xato qildi.
"Kutilmaganda qilingan bayonot edi. Tergov uchun asos bor-yo'qligi izchil o'rganilmagan edi. Federal qidiruv idorasi saylovlarga ta'sir qildi, deb o'ylaganlar tomonidaman", - dedi senator.
Demokratlar fikricha, FBR noxolis ish tutdi.
Senator Patrik Leyhi, xususan, Tramp kampaniyasi va Rossiya o'rtasidagi muloqot borasida tergov ketayotgani haqida nima uchun indamadingiz, deya so'raydi.
"Klintonga doir tergov haqida oradan bir necha oy o'tibgina jamoatchilikka e'lon qildik. Tramp haqida ham faqat oylar o'tib, xabar berdik", - deya izohladi Komi.
Hillari Klinton shu hafta bergan intervyusida o'z magb'uliyatini bir necha omilga bog'ladi. Tashqi kuchlar ta'siri, Komining bayonoti ana shular jumlasidan, dedi u. Respublikachilar bu fikrga qo'shilmaydi.
Shu bilan birga, respublikachilar Rossiya saylovga ta'sir qilishga uringani borasida matbuotda yangrayotgan xabarlardan norozi. Yangi prezident ma'muriyatining ishiga halaqit berayapti bu, deydi ular.
"Rossiya bilan bo'lgan har qanday muloqotni endi qoralashga harakat qilinmoqda", - deydi senator Chak Grassli.
Noyabrdagi prezident saylovlari paytida qilingan xakerlik hujumlari saylov natijalariga ta'sir qilgani, bu Rossiyaning ishi ekani aytiladi. Komining aytishicha, demokratik partiyaning saytini buzib kirib, elektron maktublarni qo'lga kiritgan rus xakerlari bo'lgan. Prezident Tramp bu da'volarga shubha bildirib keladi.