AQSh poytaxti Vashington karantindan chiqmaganiga qaramay, mart o’rtalarida o’z shtatlariga qaytib ketgan Senatdagi qonunchilar asta-sekin Kapitoliyga qaytmoqda. Ular Prezident Donald Tramp tomonidan Milliy razvedka idorasiga rahbar etib tayinlangan nomzodni tasdiqlash masalasini ko’rib chiqishi kerak.
Ayni damda Texas shtatidan Vakillar palatasida noiblik vazifalarini bajarayotgan 54 yashar Jon Retklif bu lavozimga tasdiqlansa, koronavirus qanday paydo bo’lganini aniqlashga kirishishini aytdi.
“Razvedka idoralari virus qanday va qayerdan chiqqanini surishtiradi. Bu masalada Xitoyni eng katta tahdid deb bilaman. Koronavirus ta’sirini ko’ryapsiz”, - dedi u qonunchilar savollariga javob berarkan.
AQSh Kongressi iqtisodiyotni tiklash va sog’liqni saqlash tizimiga yordam berish maqsadida jami 3 trillion dollarlik yordam paketlarini qabul qildi.
Ushbu mablag’larning to’g’ri taqsimlanishini nazorat qilish uchun senatorlar maxsus inspektor lavozimini ta’sis etmoqchi.
“Soliq to’lovchilarning 500 milliard dollari hamda Federal zaxira tizimining 4 trillion dollarlik kreditlari ishchilar, jamoalar va bizneslarga yetib borishini ta’minlash uchun kuchli nazorat organi kerak”, - dedi demokrat senator Sherrod Braun.
Uning partiyadoshlariga ko’ra, respublikachilar koronavirus muammosi bilan shug’ullanish o’rniga qonunchilarni Tramp tayinlagan nomzodlarni tasdiqlatish uchun to’plab, noiblar salomatligini xavf ostiga qo’ymoqda.
“Janubiy Koreya va Kanada kabi mamlakatlar davlat test dasturlarini joriy etish orqali koronavirusga barham berayotgan bir paytda bizning buyuk Qo’shma Shtatlarimiz, dunyodagi yetakchi davlat bu masalada ancha oqsamoqda”, - deydi demokratlarning Senatdagi sardori Chak Shumer.
Virusdan zarar ko’rgan iqtisodiyotga yordam berishga qaratilgan navbatdagi paket bo’yicha muzokaralar siyosiy tortishuvlarni kuchaytirmoqda.
“So’lchi siyosatchilar hozirgi milliy inqirozni anchadan beri ko’zlari ostiga olgan boshqa maqsadlariga erishish uchun bir imkoniyat sifatida qarashlariga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi respublikachilar sardori senator Mitch Makkonel.
Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Demokratik partiyaning navbatdagi yordam paketi bo’yicha takliflarini shu hafta ma’lum qilishi kutilmoqda. Quyi palata qonunchilari hali ham masofadan ishlashda davom etmoqda.
Facebook Forum