Breaking News

"Keystone" quvuri Amerikaga foydami, zararmi?


AQSh-Kanada: yangi neft quvuri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:12 0:00

AQSh-Kanada: yangi neft quvuri

Dunyoda neft ishlab chiqarish hajmi oshganiga qaramay, AQSh Senati Kanada xom neftini Qo'shma Shtatlarga uzatuvchi quvur qurilishini ma'qulladi. Prezident Barak Obama shu mavzudagi qonun loyihasiga veto qo'yishini bildirgan.

Kuchli bahs-munozaralarga sabab bo'lgan proyekt biznes doiralarga ma'qul kelmoqda, ammo ekologlar qarshiligiga uchrashi aniq. Oddiy amerikaliklar esa benzinning arzonlaganidan xursand.

“Xudoga shukur, benzin narxi yanayam tushadi. Rahmat, rahmat!” - deydi bir fuqaro.

Amerika bo'ylab haydovchilar uchun ajoyib davr boshlandi. So'nggi olti oyda yonilg'i deyarli ikki baravar arzonlashdi, ancha pul tejalmoqda.

“Ajoyib. Hamma bundan xursand”, - deydi biri.

“Zo'r bo'ldi. Narxlar shundayligicha qolsin endi”, - deydi boshqasi.

Benzin yanada mo'l bo'lishi uchun Senat Amerika zavodlariga Kanada neftini yetkazish uchun "Keystone" (Kistoun) quvurini qurishga ruxsat beruvchi hujjatga ovoz berdi. Respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonelning aytishicha, loyiha iqtisodiy tomondan foydali.

“Loyiha ishga tushsa, iqtisodiyotimiz milliardlab dollar foyda ko'radi”, - deydi qonunchi.

Respublikachi senator Liza Murkovski masalaga geosiyosiy tomondan qaraydi.

“Neftni Venesueladan ko'ra bizga do'st va ittifoqchi Kanadadan olganimiz yaxshimasmi?” - deya so'raydi u.

Reja tanqidchilariga ko'ra, "Keystone" ishga tushsa, ko'p ish o'rinlari yaratilmaydi. Amerika zavodlarida qayta ishlangan neft mamlakatda qolmasdan eksportga chiqariladi. Demokrat senator Barbara Bokserning aytishicha, Kanada nefti dunyodagi eng ekologik iflos yonilg'ilardan hisoblanadi.

“Bunday neft qayta ishlanganda havoning zararlanishi va saraton kabi kasalliklarga yetaklovchi kanserogen kimyoviy moddasining ajralib chiqishi aniqlangan. Inson salomatligiga zarar bunday loyihadan Kanadadagi xususiy kompaniya boyisa, biz esa qayta ishlangan neftni o'zimizda olib ham qololmasak”, - deydi Bokser.

Masala Senatda ovozga qo'yilishdan oldin salkam uch hafta muhokama etildi. Hujjat respublikachilar nazoratidagi Vakillar palatasida ham tasdiqdan o'tishi aniq, biroq prezident unga veto qo'yishini bildirgan.

“Bir dona neft quvuridan boshqa narsalarni ko'rmasa ko'zimiz. Qat'iyatli bo'lmasak, okeanlarda suvlar toshib, harorat ko'tarilib boraveradi, qurg'oqchilik, toshqinlar bo'laveradi", - deydi Obama.

"Keystone" quvuri loyihasi haqida eshitmagan amerikaliklar ko'p.

“Bilmasam. Benzin narxi oshmasa bo'ldi”, - deydi bir haydovchi.

"Bundan mamlakatga foyda bo'lsa, qarshiligim yo'q”, - deydi boshqasi.

Jamoatchilik fikrini o'rganuvchi mutaxassis Kerol Doretining aytishicha, benzin arzonlashgani bilan amerikaliklarning aksariyati hali ham neft loyihalaridan voz kechgani yo'q.

“Odamlarning yonilg'i va ekologiyaga yondashuvi juda sodda. Agar ulardan "muqobil energiya manbasini qo'llab-quvvatlaysizmi" deb so'rasangiz, "ha" deb javob berishadi. Yonilg'ining an'anaviy turlariga ham qarshi emas ular. Ikkisidan birini tanlashi kerakligini tushunishmaydi. Qayerdan bo'lsa ham, yonilg'i ko'p bo'lsa bas ular uchun”, - deydi Doreti.

"Keystone" bormi, yo'qmi, haydovchilarga farqi yo'q. Muhimi, benzin arzon bo'lib tursa bo'lgani.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG