Breaking News

Mustaqil jurnalist Sergey Naumov hibsga olindi


Sergey Naumov
Sergey Naumov
O'zbekistonlik mustaqil jurnalist Sergey Naumov 21-sentabr kuni davlat xavfsizlik xodimlari tomonidan hibsga olingan. Ma'lumotlarga ko'ra, uni Xorazm viloyati Urganch shahridagi uyidan olib ketishgan.

"Xalqaro Amnistiya" tashkiloti tarqatgan xabarga ko'ra, jurnalistning hozir qayerda saqlanayotgani ma'lum emas. U qamoqqa olingan kuni mahalliy vaqt bilan kech soat yettilarda do'stlaridan biriga qo'ng'iroq qilib, ichki ishlar xodimlari tomonidan qamoqqa olingani haqida ma'lumot bergan. Shundan beri u bilan hech kim aloqaga chiqa olmagan.

50 yoshli Sergey Naumov mustaqil jurnalist sifatida xalqaro ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilib keladi. U O'zbekistondagi inson huquqlari ahvoli bo'yicha qator tanqidiy chiqishlari bilan taniqli. Jurnalist, shuningdek, mamlakat ichidagi va xorijdagi inson huquqlari faollari bilan yaqin aloqada bo'lgani ma'lum. U O‘zbekistonda istiqomat qilib faoliyat yuritadigan oz sonli mustaqil jurnalistlardan biri hisoblanadi.

Sergey Naumov O‘zbekistonda 1990-yil ochilgan ilk mustaqil "Panorama" (Manzara) gazetasining muassisi bo‘lgan. 1994-yildan 1999-yilgacha u Xorazmdagi mustaqil "ALC" televideniyesida ishlagan.

Jurnalist hamkasblarining aytishicha, Naumovning hibsga olinishi ortida uning jurnalistlik faoliyati turibdi.

O'zbekistonda hukumat yo'rig'idan yurmaydigan mustaqil jurnalistlarning hibsga olinishi holatlari tez-tez uchrab turadi.

"Xalqaro Amnistiya" tashkiloti Sergey Naumovning hibsga olinishi yuzasidan bugun bayonot chaqirib, uning hibsda qiynoqqa solinishi mumkinligidan xavotir bildirgan.

Naumov qayerda saqlanayotgani haqida zudlik bilan ma'lumot berilishi, unga nisbatan ayblov qo'yilgan bo'lsa, bu haqda oshkor qilinishi yoki aybsiz bo'lsa, darhol ozodlikka chiqarilishi kerak, deyiladi dunyo o'ylab mahbuslar huquqlarini himoya qiluvchi "Xalqaro Amnistiya" tashkiloti bayonotida.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG