Pet Shenexan vaqtincha mudofaa vaziri etib tayinlanganidan so’ng AQShga asosiy tahdid Xitoydan kelayotganini aytgan. Osiyoga ilk safari chog’ida Shenexan Pekin siyosatini tanqid qilishdan tortinmadi. Uning Singapurdagi yillik xalqaro xavfsizlik forumida aytishicha, Xitoy harakatlariga ko’z yumib bo’lmaydi.
Pet Shenexan Xitoy mudofaa vaziri bilan uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarga urg’u bergan, ammo “Shangri-La” forumi qatnashchilari oldida qilgan ma’ruzasida Xitoy xulq-atvori mintaqa farovonligiga tahdid solayotganini aytdi.
“Xitoy bilan mojaro tarafdori emasmiz, uni yakkalatmoqchi ham emasmiz, ammo xavfsizlik muhim masala”, - dedi AQSh mudofaa vaziri lavozimini vaqtincha bajarayotgan Pet Shenexan.
Qo’shma Shtatlar Xitoyni boshqa mamlakatlar harbiy sirlari va texnologiyalarini o’g’irlayotganlikda ayblaydi.
“Intellektual mulkni o’g’irlash yaxshi emas. Kiber-xurujlar ham bizni tashvishga solmoqda. Ko’p muammolarni hal qilishimiz kerak”, - dedi rasmiy.
Ekspertlarning aytishicha, Xitoy o’g’rilik yordamida AQSh va Xitoy harbiy salohiyatlari o’rtasidagi farqni qisqartirmoqchi.
“Sovuq urush paytida Xitoydan ustunligimizni abadiy boy berdik”, - deydi Vashingtondagi Brukings institutidan tahlilchi Maykl Oxanlon.
Xitoy Janubiy Xitoy dengizidagi munozarali hududlarni o’zlashtirib, o’zi yaratgan sun’iy orollarda harbiy infratuzilmani barpo etib, dengiz atrofidagi mamlakatlarni xavotirga solmoqda.
“Xitoy uning bu harakatlari mudofaa chorasi ekanini aytmoqda, ammo aslida hududlarni keragidan ortiqcha qurollantirishmoqda”, - deydi Pentagon rahbari.
Qo’shma Shtatlar Janubiy Xitoy dengizida xalqaro nazoratni kuchaytirishga chaqirib keladi. O’tgan oy AQSh, Yaponiya, Hindiston va Filippin harbiy kemalari patrullik qilgan.
“Hozirgi taranglik AQSh va Xitoy o’rtasidagi taranglik emas, balki Xitoy va butun dunyo o’rtasidagi taranglik”, - deydi tahlilchi Bredli Boumen.
AQShning Singapurdagi xavfsizlik forumida qatnashgan ittifoqchilariga ko’ra, AQSh va Xitoy hamkorlikda muammolarga yechim topmasa, xalqaro xavfsizlik tizimi zarar ko’rishi mumkin.
Facebook Forum