Breaking News

Patrik Shenexan mudofaa vaziri bo'lishga munosib nomzodmi?


AQSh mudofaa vaziri lavozimini vaqtincha bajaruvchi Patrik Shenexan
AQSh mudofaa vaziri lavozimini vaqtincha bajaruvchi Patrik Shenexan

AQSh Prezidenti Donald Tramp o’tgan yil oxirida Mudofaa vaziri Jim Mattisni iste’foga chiqardi. Yangi vazir hozircha tasdiqlanmagan, biroq uning vazifasini vaqtincha Patrik Shenexan bajarmoqda. Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, Shenexan lavozimda muqim qolishi kutilmoqda.

Xalqaro hayot - 31-yanvar, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:51 0:00

Patrik Shenexan ikki yil davomida Mattisning o’rinbosari bo’lib ishladi. Tramp bilan so’nggi paytlarda chiqisha olmagan sobiq vazir 40 yildan oshiq vaqt qurolli kuchlarda xizmat qilgan, Shenexan esa salkam 30 yil Boing korporatsiyasida ishlagan.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, harbiy tajribasining yo’qligi unga pand berishi mumkin.

“Na harbiy sohada, na hukumatda tajribasi bor. Vazirlikda ishlagan, ammo juda oz. Umrining katta qismini xususiy sektorda o’tkazgan bu odamning shu ishga loyiqligiga shubham bor”, - deydi Trumen nomidagi Milliy xavfsizlik loyihasi xodimi Bishop Garrizon.

Biroq boshqa tahlilchilarning aytishicha, Shenexan mudofaa vaziri o’rinbosari lavozimida o’zini yaxshi ko’rsatgan.

“So’nggi bir yarim yilda ko’plab siyosiy qarorlar qo’lidan o’tdi, uni bu ishga butunlay yangi deb bo’lmaydi. Mudofaa vazirligiga ortiq begona odam emas u”, - deydi mudofaa vazirining sobiq yordamchisi Todd Rozenblyum.

Mattis iste’fo arizasida Prezident Tramp bu ishga o’z qarashlariga yaqinroq bo’lgan odamni tayinlashga haqli deb yozgan edi. Biroq Shenexan aynan shunday odammi?

“Bilishimcha, Shenexanning milliy xavfsizlik va tashqi siyosatga doir qarashlari sobiq vazir Mattis ta’siri ostida shakllangan – to’liq yoki qisman. Agar shunday bo’lsa, u holda Mattisning ancha tajribasiz variantiga egamiz”, - deydi tahlilchi Garrizon.

Prezident Tramp yanvar oyida Pentagonga borib, yangi raketa mudofaasi strategiyasini e’lon qilganida Shenexan qo’lini ko’ksiga qo’yib turdi.

“Janob prezident, mazkur vazifani bajarishga tayyormiz. Bu – ishni uddalaydigan vazirlik”, - dedi u.

Biroq Tramp muxolifatga hujum qilganida Shenexan va uning xodimlari munosabat bildirmadi.

“Demokratik partiya ichidagi chegaralarni ochib tashlashga tayyor radikal so’l qanot kuchlar tashabbusni qo’lga olishga intilmoqda”, - dedi Tramp.

Shenexanning keyinroq tushuntirishicha, Pentagonda siyosatga aralashmaslik qoidasi mavjud.

“Harbiylarning hamda vazirlikda ishlayotgan noharbiy xodimlarning siyosiy o’yinga kirishib ketishiga yo’l qo’ymaslik yangi mudofaa vaziri uchun muhim vazifadir, aks holda oqibatlari xavfli”, - deydi Rozenblyum.

2020-yilgi prezident saylovlariga tashviqot kampaniyasi hozirdan boshlanar ekan, bu vazifa yangi vazir uchun birinchi darajali bo’lishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG