Breaking News

Yerosti tunellar va odam savdosi: Portlendning qora o'tmishi


Oregon shtatining Portlend shahri - Amerikaning sokin go’shalaridan biri, aholisi ham mehmondo’st deb tilga olinadi. Ammo 100 yillar avval shahar jinoiy to’dalar makoni bo’lgan. Odam va giyohvand moddalar savdosi bilan shug’ullangan to’dalar dengiz porti atrofidagi tunellardan foydalangan.

Tasavvur qiling, Portlend restoranlaridan birida ovqatlanib o’tiribsiz. Jonli musiqa, ichimliklar, hammasi ajoyib. To’satdan…

“Barmen knopkani bosadi. Yerto’lada ikki kishi shashka yoki karta o’ynab o’tiribdi. Ular sapchib turib, tayyorlanadi. Barmen dastakni tortishi bilan restorandagi mijoz yerto’laga tushib ketadi”, - deydi sayohat firmasi rahbari Maykl Jouns.

Maykl Jouns – tarixchi, Portlendning o’tmishdagi jinoiy tarixini o’rganadi. Shahar tunellari, deydi u, aslida Villamet daryosi orqali keladigan yuklarni yerosti omborxonalarga tashish uchun qurilgan. Ammo tunnellarning ko’pini mahalliy xitoylik gangsterlar noqonuniy biznes uchun qurgani ham aytiladi. Masalan, “shanxayliklar” deb nomlangan jinoiy to’da asosan odam o’g’irlash bilan shug’ullangan.

“Shanxayliklar dengizchilarni ishchilar bilan ta’minlagan. Ishchilar tekinga ishlatilgan. Shahardan erkaklarni o’g’irlab, 50 dollardan pullashgan”, - deydi Maykl Jouns.

Portlendga keladigan kemalarga ishchilar kerak bo’lgan, o’g’irlangan odamlar shu maqsadda sotilgan. Qochishga uringanlarining oyoq kiyimlari olib qo’yilgan.

Bu tunellar giyohvand moddalar bozori, spirtli ichimliklar taqiqlangan davrda mayxo’rlar makoni bo’lganini bilamiz, deydi Jouns.

Yer ostida noqonuniy mushtlashuv klublari, fohishaxonalar ham bo’lgan. Ba’zida ayollarni ham o’g’irlashgan.

“Klub, restoran yoki ko’chadan o’g’irlab ketaverishgan. Devorlari ikki qavatli bo’lgan kameralarga tiqib qo’yishgan. Ushlanganlarni oq tanli qullar deb atashgan. Kameradagi odamlarga erkinlikni unuting, endi qulsiz deb singdirilgan”, - deydi Maykl Jouns.

1940-yillarda politsiya reydlari ko’paygan, jazo kuchaytirilgan, noqonuniy bizneslar sekin-asta tugab ketgan. Bugungi Portlend shunday kunlarni boshdan kechirganiga ishonish qiyin. Lekin o’tmishni bilish bu xatolarni qaytarmaslikka undaydi, deydi suhbatdosh.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG