Koronavirus AQSh bo’ylab tarqalishda davom etarkan, sog’liqni saqlash mutasaddilari bemor odamlarga ishga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda. Biroq ko’p odam uchun bu maoshning bir qismini yo’qotish demakdir. Oq uy va qonunchilar hozir shu muammoni hal etish ustida o’ylanmoqda.
Eli Gotay Vashingtondagi bir restoranda ishlaydi. O’tgan oy u grippga chalindi.
“Bir necha kun ishga chiqa olmadim, chunki shifokor ishdagilarni ham kasal qilishimni aytdi”, - deydi u.
Shu kunlarda nafaqat shifokorlar, balki rasmiylar ham, idoralarda rahbariyat ham kasal bo’lganlar uyda davolansin, demoqda.
Ammo ishdan qolish maoshning kamayishiga olib keladi.
“Uyda qolsam, oilaga kim qaraydi? Ko’pchilik kasal bo’lsa ham ishlab, pul toganim afzal deydi”, - deydi Gotay.
Bu restoran egasi bir paytlar girgitton bo’lib ishlagan.
“Oshpaz ham bo’lganman. Ko’p ishlarni qilganman”, - deydi Endi Shallal.
Biroq AQShda ish beruvchilarni bemorlik bo’yicha pulli ta’til taklif etishga majburlovchi davlat qonuni yo’q. Shallal Vashington shahri birinchilardan shunday qonun qabul qilsin, deydi.
“Restoranda kimdir ovqatimga aksirishini istamayman”, - deydi u.
Ayrim izlanish natijalariga ko’ra, bemorlik uchun ta’tilga to’lansa, odamlar uyda qolib davolanadi, bu esa gripp mavsumida uning tarqalishini 40 foizga kamaytiradi.
Ayrim joylarda ish beruvchilar bemorlik ta’tili uchun to’lab beradi, ammo mamlakat bo’ylab amerikalik ishchilarning choragi bunday imtiyozga ega emas. Aksariyati kam maosh oluvchi ishchilar.
Biroq koronavirus tarqalishi bilan bu masala Kongress va Prezident Tramp diqqatini tortdi.
“Soatbay maosh oluvchi odamlarga ham yordam berishga harakat qilamiz, toki ular maoshsiz qolmasin”, - deydi davlat rahbari.
Demokratlar yillar davomida pulli bemorlik ta’tilini mamlakat bo’ylab qonuniylashtirishga urinib keladi. Biroq biznes guruhlar va respublikachilar bu tashabbus ko’p pulga tushishini aytib, unga e’tiroz bildirib kelgan. Koronavirus tarqalishi bilan esa qarshilik susaymoqda.
Hukumat taklif etayotgan chora faqat sog’liqni saqlashga doir favqulodda holat paytida amal qiladi. Biroq pulli ta’til koronavirusdan tashqari boshqa yuqumli kasalliklar tarqalganida ham qo’llanadimi, yo’qmi, bu hozirgi epidemiya o’tganidan so’ng ma’lum bo’ladi.
Facebook Forum