Breaking News

Silikon vodiysi malakali mutaxassislardan ayrilmoqda


Ilg’or texnologiyalar bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar rahbarlari Tramp ma’muriyatining ishchi vizalar berilishini vaqtincha to’xtatish qaroridan norozi. Ba’zilari bunga javoban xorijda biznes ochishini yoki chet eldagi faoliyatini kengaytirishini ma’lum qildi.

“H-1B turdagi viza berilishining to’xtatilishi natijasida kompaniyalar rahbarlari immigratsiyaga quloch yozuvchi Kanada kabi mamlakatlarda ofislar ochib, odam yollashga majbur bo’ladi”, - deydi Silikon vodiysida ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlash bilan shug’ullanuvchi kompaniya boshlig’i Anshu Sharma.

Google ijrochi direktori Sundar Pichayning aytishicha esa, muhojirlar Amerika iqtisodiyotini ko’tarishda, AQShni dunyoda ilg’or texnologiyalar bobida yetakchi davlat bo’lishida katta rol o’ynagan.

“Google ni Google qilganlar ham shular”, - deydi u.

Tramp aprel oyida joriy etgan cheklovlarni yanada kengaytirdi. Oq uy bayonotida aytilishicha, hozirgi iqtisodiy qiyinchiliklar davrida, ishsizlik 13 foizdan oshib turgan bir paytda ish o’rinlarini ishsiz o’tirgan amerikaliklardan olib, xorijliklarga berish to’g’ri emas.

“Prezident Tramp siyosati ishga yollashga kelganda avval mahalliy mutaxassislarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan. Ko’plab ishchilar o’zlariga bog’liq bo’lmagan sabab bilan koronavirus oqibatida zarar ko’rdi. Chet ellik ishchilar ularning o’rnini egallab olmasligi kerak”, deyiladi bayonotda.

Iqtisodiy yuksalish paytida texnologik kompaniyalar AQShda vaqtincha ishlash huquqini beruvchi H-1B vizasi orqali mutaxassislar yollagan. Yiliga 85 mingga yaqin odamga shu turdagi viza beriladi.

“Pandemiya paytida texnologik kompaniyalar ham xodimlarini ishdan bo’shatishga majbur bo’ldi, biroq mehnat bozori hali ham jonli”, - deydi “Silikon vodiysi qo’shma korxonasi” nodavlat tashkiloti prezidenti Rassel Xenkok.

Unga ko’ra, texnologik kompaniyalar boshqa sohalardagi kompaniyalarga qaraganda ko’p odamni ishdan olmadi.

Silikon vodiysida ishlovchi xorijiy mutaxassislarning aksariyati Hindiston va Xitoydan. Kompyuter, matematika, muhandislik sohalarida ishlovchi kadrlarning 60 foizidan ko’pini chet elliklar tashkil etadi.

Texnologik kompaniyalar xorijiy mutaxassislarga ehtiyoji borligini bildirib keladi va vaqtincha ishchi viza dasturini kengaytirishga chaqiradi. Ular nazarida, bu sohalarda AQShning o’zida mutaxassislar yetishmaydi. Biroq dastur tanqidchilariga ko’ra, kadrlarni xorijidan yollashga bir sabab ularga to’lanayotgan maoshlarning pastligida.

Xenkokning aytishicha, malakali mutaxassislarning AQShga yo’lini to’sish sanoatda raqobatni susaytiradi.

“Iste’dodli mutaxassislar hammaga kerak. Ammo o’zimizdan bundaylar chiqmayapti”, - deydi ekspert.

Silikon vodiysidagi kompaniyalar bu fikrga qo’shiladi.

“Raqamli iqtisodiyot davrida hamma yuqori malakali kadrlarni yollashni istaydi. Immigratsiya Amerikada cheklansa ham bunday kadrlar yo’lini topib ketaveradi. Ammo boshqa joyda. Bu mutaxassislar Google kabi biror kompaniyaga asos soladi, ammo endi bu kompaniya AQShdan chiqmaydi”, - deydi “Boks” kompaniyasi rahbari Aaron Levi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG