Breaking News

Dehli cheklovlari Kashmirni huvillatdi


Hind Kashmiri poytaxti Shrinagar
Hind Kashmiri poytaxti Shrinagar

Kashmirning Hindistonga qarovchi qismi Dehlidagi hukumat tomonidan muxtoriyatidan ayrilganidan beri hudud poytaxti Shrinagar ko’chalari huvillab qolgan, 200 ga yaqin boshlang’ich maktab qayta ochilish arafasida turibdi.

Aholi markaziy hukumat qaroridan norozi. Jammu va Kashmir federal shtat va maxsus muxtoriyat maqomidan ayrilib, bundan keyin Dehlidagi hukumat tomonidan boshqariladigan ikki ma’muriy hududga bo’lindi.

Hafta boshi bo’lishiga qaramay, Shrinagar ko’chalarida ko’p odam ko’rinmaydi. Asosan ko’chalarni nazorat qilayotgan xavfsizlik kuchlari. Do’konlar yopiq, sotuvchilar do’kon yonida bekor o’tiribdi.

“Internet ishlamayapti, telefon xizmati o’chirilgan. Mashinalarni ham ko’rmaysiz. Hech qayerga chiqa olmaymiz. Kasalxonalar yopiq, bemor bolalarni qayerga olib borishni bilmaymiz”, - deydi kashmirlik bir savdogar.

Ba’zi maktablar ochiq bo’lishiga qaramay, ota-onalar farzandlarini o’qishga yuborishga shoshilmayapti.

“Boshlang’ich maktablarni ochish harakatidamiz. Shrinagar tumanida oldin 190 ta boshlang’ich maktabni, keyin qolganlarini ochamiz”, - deydi mahalliy hukumat vakili Roxit Kansal.

Shrinagardagi katolik maktabi va boshqa xususiy ta’lim maskanlari hozircha yopiq.

“Ota-onalar, o’qituvchilar, maktab ma’muriyati o’rtasida aloqa tizimi tiklanmaguncha maktab ochilmaydi. Aloqasiz birorta bola maktabga qatnamaydi”, - deydi ruhoniy Sebastyan.

Jammu va Kashmir Hindistonning musulmonlar ko’pchilikni tashkil etuvchi yagona mintaqasidir. Bosh vazir Narendra Modi o’lkada iqtisodiy taraqqiyot va xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida shtatning konstitutsiya tomonidan belgilangan maxsus maqomini bekor qildi. Kashmirliklar nazarida bir tomonlama bunday harakat xiyonatdir.

“Bizga islohotlar kerak. 70 yil oldin bizga shunday va’da berishgan, haligacha bajarilgani yo’q”, - deydi shrinagarliklardan biri.

O’lkaning musulmon aholisi Hindistondan ajralib mustaqil bo’lishni yoki qo’shni Pokistonga qo’shilishni istaydi. Bir guruh qurollangan bo’lginchilar 30 yildan beri markaziy hukumatga qarshi kurashib keladi.

Kashmir muxtoriyati bekor qilinishi ketidan shtat rahbarlari hibsga olinib, hududda aloqaning barcha turi uzilgan, qurolli isyonning oldini olish uchun turli cheklovlar joriy etilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG