Soleh Yahyoev O'zbekistonda jurnalistika sohasida ishonch va hurmat qozongan mutaxassislardan. Oliy ma'lumotni O'zbekistondan tashqari qo'shni Tojikiston va Qozog'istonda ham olgan. Kasbining uzviy talablaridan biri tirishqoqlik ekan, bu jurnalist fikricha, nafaqat vatandagi balki uzoq va yaqin o'lkalardagi imkoniyatlardan ham foydalanish kerak. Mana shu harakatchanlik uni yaqinda Amerikaga olib keldi. Deyarli bir oy mobaynida Yahyoev Kaliforniya shtatining San-Fransisko shahri, ilg'or texnologiya maskanida, CNET axborot agentligida ishladi.
Vashingtonda asoslangan Xalqaro jurnalistlar markazi va AQSh Davlat departamenti birgalikda yurituvchi trening dasturi haqida Soleh Yahyoev o'zi xabar topgan va hujjat topshirgan. Mahalliy jurnalistlarga mo'ljallangan bu loyiha ularni Qo'shma Shtatlardagi hamkasblari bilan bog'laydi. Xorijlik muxbirlar va muharrirlar Amerikadagi axborot vositalari faoliyati bilan yaqindan tanishib, tahririyat, ijod va sharoit xususida ma'lumot oladi.
Intilganga omad yor. Ixlos va g'ayrat zarur. Til bilish kerak ekan, deydi Soleh Yahyoev "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. Jurnalist inglizchani ancha-muncha gapiradi, aks holda bu programmada qatnasha olmagan bo'lar edi. Baribir oson bo'lmadi, deydi suhbatdoshimiz.
Soleh Yahyoev bir paytning o'zida "Novosti Uzbekistana" - nuz.uz saytiga ham maqolalar yozdi. Kaliforniya shtati shimolida yashayotgan vatandoshlarning hayotini yoritdi.
Vatanga jurnalist yangi bilim, malaka va ko'nikmalar bilan qaytdi. Jurnalistika daqiqa sayin rivojlanib, yangilanib borayotgan soha ekan, dunyoning har yerida jurnalist oldida tog'dek vazifalar va cheksiz imkoniyatlar, deydi u.