AQShning Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha maxsus bosh inspektori Jon Sopkoning qonunchilarga aytishicha, Afg’onistondagi urush bir necha trillion dollarlik muvaffaqiyatsizlik bo’ldi.
2001-yilda AQSh hujumlari natijasida hokimiyatdan quvilgan Tolibon 20 yil o’tib, Amerika qo’shinlari mamlakatni tark etmasidan yana hokimiyat tepasiga keldi.
“AQSh hukumati afg’on siyosati va madaniyatini tushunishga ojizlik qildi. Bu esa poraxo’r siyosatchilarning kuchayishiga olib keldi”, - dedi Sopko.
Bosh inspektorning aytishicha, so’nggi 20 yilda Oq uyni boshqargan prezidentlar – xoh demokrat bo’lsin, xoh respublikachi – Afg’onistonni qayta qurish ishlari yakunlanayotgani haqida da’vo qilib kelgan, ammo aslida 20 yilda trillionlab dollar pul ko’kka sovurildi.
“Arvoh askarlar, arvoh politsiya – afg’on hukumatining mavjud bo’lmagan odamlardan tashkil topganini ko’rdik va ularga maosh ham to’ladik”, - deydi Sopko.
Qonunchilar Bayden ma’muriyatining avgust oyidagi evakuatsiyasini taftish qilmoqda.
“Prezident Bayden va ma’muriyatidagi rasmiylar Afg’onistonda faqat ikkita yo’l borligini uqtirishda davom etdi – birinchisi, tartibsiz va qonli urushdan qo’shinlarni to’liq chiqarish, ikkinchisi, o’n minglab askarlarni cheksiz muddatga qoldirish. Biroq mening nazarimda, bu noto’g’ri yondashuv. Prezident Bayden katta generallarning fikriga quloq solib, terrorga qarshi kurash uchun oz sonli qo’shinlarni qoldirishi kerak edi”, - deydi Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Maykl Makkol.
Biroq demokratlar nazarida, yechimsiz bu muammo Baydenga o’zidan oldingi rahbardan meros bo’lib qoldi.
“Prezident Tramp va sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo Tolibon bilan imzolagan kelishuv yozdagi dahshatli evakuatsiyaga yetaklagan beqarorlikka sabab bo’ldi”, - deydi kongressmen Greg Miks.
Vashingtonlik bir tahlilchiga ko’ra, minglab afg’on hamkorlarning qolib ketishiga va aeroportdagi xuruj oqibatida 13 amerikalik harbiyning o’limiga olib kelgan evakuatsiyadan oldin Bayden ma’muriyati boshqa imkoniyatlardan ham foydalanishi mumkin edi.
“Tolibon Ashraf G’ani hukumati bilan hokimiyatni baham ko’rish uchun murosaga harakat ham qilgani yo’q. Bu esa Tramp paytida 2020-yil 29-fevralida imzolangan bitimga xilof edi. Bayden Tolibonga “sizlar bitimga amal qilmayapsizlar, biz ham amal qilmaymiz” deb aytishi, tinchlik muzokaralari orqali hokimiyatni bo’lishishga undashi mumkin edi. Shunga erishilgandagina askarlarni olib chiqish masalasini o’rtaga tashlasa bo’lar edi”, - deydi Brukings institutidan Maykl Oxanlon.
Shu hafta 7 nafar respublikachi senator Bayden ma’muriyatining qo’shinlarni Afg’onistondan olib chiqish tartibini taftish qilishga undovchi qonun loyihasini taqdim etdi.
Facebook Forum