Xotin-qizlar ahvoli yaxshilansa, mamlakat ham jadalroq rivojlanadi, deydi AQShning ayollar masalalari bo’yicha maxsus elchisi Ketrin Rassell.
“Amerika Ovozi" bilan intervyuda elchi qizlarni yaxshi maktablarda o’qitish kerakligi, katta bo’lganda bunday qizlar o’zini hamda bolalarini boqa olishi va yaxshi tarbiyalashi mumkinligini gapirib, bu butun jamiyat uchun foyda, deydi.
Rassell 2013-yilda Davlat departamentining Global ayollar masalalari idorasiga rahbar etib tayinlangan edi. Shuningdek, u Vitse-prezident Jo Bayden rafiqasi Jill Bayden bilan birgalikda harbiylar oilalari va oliy ta’lim sohalarida faoliyat yuritgan. Hozirda esa u e’tiborni xotin-qizlar teng imkoniyatlarga ega bo’lishiga qaratmoqda.
“Ayollar iqtisodiy imkoniyatlarga ega bo’lishi kerak, chunki bu holda ular oilasi ahvolini yaxshilaydi, bor vaqti va mehnatini oilaga bag’ishlaydi. Ayollar ishlaganda jamiyat kuchliroq bo’ladi, demak pirovardida mamlakat ham kuchliroq bo’ladi. Hech qaysi mamlakat ayollar manfaatlarini himoya qilmasa rivojlana olmaydi”, - deydi Rassell.
Pokiston va Afg’onistonda qizlarning o’qishi qiyinligi haqida gapirar ekan, diplomat Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzoyni alohida tilga oldi.
“Yosh bo’lsa-da, Malalaning dovyurakligi odamni hayratga soladi. Biz uchun u iroda va qizlar oldidagi imkoniyatlar siymosi, unga qarab qizlarni qadrlash va hayotning turli jabhalarida faol qatnashishi uchun imkoniyatlar yaratish kerakligini tushunamiz. Bu oson emas, Malala esa bunga misol,” - deydi Rassell.
Malala Yusufzoy 2012-yilda Pokistonda qizlar uchun darslar tashkil etgani sababli Tolibon noroziligiga uchrab, boshidan o’q yegan edi. Uning maqsadi - qizlar orasida ta’lim olish imkoniyatlarini oshirish.