Breaking News

AQSh: Janubiy Sudandagi zo'ravonlik sababchilarini jazolaymiz


Janubiy Sudanda BMT tashkil etgan qochoqlar lageri, 29-iyun, 2015-yil.
Janubiy Sudanda BMT tashkil etgan qochoqlar lageri, 29-iyun, 2015-yil.

AQShning Milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Syuzan Rays Janubiy Sudanning mustaqillik kuni arafasida mamlakatda zo’ravonliklar tinmayotganini qoraladi.

U buning uchun Prezident Salva Kiir va sobiq vitse-prezident, isyonchilar yetakchisi Riek Macharni bevosita aybdor deb atadi.

Janubiy Sudan 2011-yil mustaqillikni qo’lga kiritgach, quvonish o’rniga “yuraklarni ezadigan” urushga kirishib ketdi, deydi Rays.

O’tgan 19 oy ichida Janubiy Sudan hukumati fuqarolarini himoya qilish vazifasini uddalay olmadi va qonuniy boshqaruvchi sifatidagi hurmatini yo’qotdi, deyiladi AQSh bayonotida.

“Hukumat va isyonchilar begunoh ayollar, bolalar va keksalarga qarshi shafqatsiz jinoyatlarni sodir etmoqda. Yangi urush va fojeaga bevosita Prezident Kiir, Riek Machar va uning safdoshlari aybdor. Faqat har ikki tomondagi yetakchilar bu zo’ravonlikka nuqta qo’yishi mumkin”, - dedi Syuzan Rays.

Uning aytishicha, Amerika zo’ravonlikni tugatish uchun Janubiy Sudanning mintaqaviy hamkorlarini qo’llab-quvvatlashda davom etadi. Rays, shuningdek, Janubiy Sudanni zudlik bilan xalq xohish-irodasini ifodalovchi o’tish hukumatini tuzishga chaqirdi.

AQSh Janubiy Sudan xalqini o’z holiga tashlab qo’ymaydi va ularni qiynagan jinoyatchilarni javobgarlikka tortadi, dedi rasmiy.

Janubiy Sudanda 18 oydan beri Prezident Kiir va uning sobiq yordamchisi Macharga sodiq kuchlar o’rtasida fuqarolar urushi davom etmoqda. So’nggi paytlarda bir qator sulhlarga erishilganiga qaramay kurash to’xtamayapti.

BMT ma’lumotiga ko’ra, mamlakat ichida 1,5 million qochoq bor va yana 730 ming kishi qo’shni davlatlarga chiqib ketgan. Efiopiyada ularning 275 mingi joylashgan.

Macharning aytishicha, Prezident Kiir hokimiyatda qolar ekan, fuqarolar urushi tugamaydi. Janubiy Sudan parlamenti kecha Kiirning prezidentlik muddatini yana uch yilga uzaytirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG