Breaking News

Janubiy Sudan mojarosi Suriya va Iroq darajasiga yetdi. Yangi izlanish


Janubiy Sudandagi fuqarolar urushi salkam 400 ming odamning yostig’ini quritdi. Londondagi Gigiyena va tropik tibbiyot maktabi tadqiqotchilarining eng so’nggi izlanishi natijasiga ko’ra, qurbonlarning yarmi zo’ravonliklardan nobud bo’lgan. Bu shu paytgacha Janubiy Sudan urushi talafotlari bo’yicha berilgan raqamlarning eng yuqorisi.

Hisobot mualliflari unda tasvirlangan urush dahshatlari tinchlikni urushdan ustun qo’yishga, gumanitar maqsadlarga ko’proq pul ajratishga turtki beradi degan umidda.

2013-yilda boshlangan fuqarolar urushida isyonchilar hukumatga qarshi bosh ko’tardi. Ikki yildan so’ng imzolangan tinchlik bitimi uzoqqa bormadi, mojaro yangidan avj oldi, hatto kattaroq hududlarga tarqaldi.

O’tgan oy yana bir sulh bitimi imzolanganiga qaramay, to’qnashuvlar davom etmoqda.

Eng so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Janubiy Sudandagi mojaro salkam 400 ming odamni nobud qildi, aksariyati zo’ravonliklarda o’ldi.

“Janubiy Sudan mojarosi ko’lami bo’yicha Suriya va Iroq urushlari bilan tenglashdi”, - deydi londonlik ekspert Franchesko Kekki.

Professor Kekki yetakchiligidagi guruh olib borgan izlanishni AQShning Tinchlik instituti moliyaladi.

Talofat ko’lamini o’rganish maqsadida tadqiqotchilar aholini ro’yxatga olish idorasining bashorati, o’lim sur’atiga doir raqamlar bilan ishlagan, mojaro sur’ati, yashash joyini tark etish, oziq-ovqat ta’minoti bilan bog’liq ma’lumotlarni tahlil qilgan.

Qurbonlar sonini taxmin qilishga imkon beruvchi statistik formula yaratilib, nafaqat zo’ravonliklardan, balki mojaroning bilvosita asoratlari – kasallik, ochlik, tibbiy yordamning yetishmasligidan yuz bergan o’lim hollari hisobga olingan.

“Ko’plab boshqa qurolli mojarolarda bu omillar aksariyat o’lim hollariga sabab bo’lgani aniqlangan”, - deydi olim.

Tadqiqotchilarning aytishicha, bunday raqamlar va xulosalar Janubiy Sudan mojarosini tezkorlik bilan hal qilish va jabr ko’rgan aholiga gumanitar yordamni oshirish zaruratini ko’rsatmoqda. 2018-yilda bu mamlakatda insonparvarlik ehtiyojlari uchun 1,7 milliard dollar kerak ekani hisoblangan, ammo mablag’ning yarmi to’plangan, xolos.

Professor Kekki Afrikadagi boshqa mojarolarni o’rganishda ham statistik usuldan foydalanmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG