Breaking News

Qirg'iziston: Millatchilik o'zbeklarni jamiyatdan uzoqlashtirgan


2010-yilning iyunidagi qirg'inda minglab o'zbek xonadonlari vayron qilingan, yuzlab odam halok bo'lgan
2010-yilning iyunidagi qirg'inda minglab o'zbek xonadonlari vayron qilingan, yuzlab odam halok bo'lgan

Qirg’iziston o’zbeklari yana millatchilikka asoslangan qarama qarshiliklar domiga tortilishi mumkin. Bo’hronlarni o’rganuvchi xalqaro guruh (International Crisis Group) chiqargan yangi hisobotiga ko’ra, mamlakat janubidagi siyosiy doiralarda aksil-o’zbek kayfiyat kuchliligicha qolmoqda. Markaziy hukumat elatlar o’rtasidagi taranglikni yumshatish uchun yetarlicha chora ko’rmayapti. O’zbeklar jamiyatdan chetlashtirilmoqda. Qirg’izistonda yangi tuzum shakllana boshlagach ham vaziyat o’zgarmadi, deydi o’zbek aholi vakillari.

Bo’hronlarni o’rganuvchi xalqaro tashkilot tahlilnomasida qayd etilishicha, Qirg’izistonda ko’plab o’zbeklar bizneslaridan va shu tariqa tirikchiligidan ayrilgan.

Ularning tilida axborot uzatadigan vositalar yopilgan. O’zbek huquqlari toptalganida qaya borishni bilmaydi, chunki ular adliya tizimiga ishonmaydi.

O’zbeklar har tomonlama tushkunlikda, deya bildiradi tashkilot, qirg’iz millatchilari buni g’alaba sifatida baholamoqda. Vaziyat shu tariqa davom etsa, yangi ziddiyatlar avj olishi mumkin.

Markaziy hukumatga o’zbeklarni siyosiy va ijtimoiy hayotga faol aralashtirish tavsiya qilinadi.

Belgiyada ro’yxatdan o’tgan va etnik nizolarni o’rganishga ixtisoslashgan Alisher Novoiy Instituti olib borgan izlanishlar ham shuni ko’rsatgan.

Institut ijrochi direktori Dilmurod Tillaxo’jaev deydiki, Qirg’izistondagi millatlararo vaziyat tahlikali va asosiy sabab siyosiy doiradagi millatchilikdir.

“Qirg’iz siyosatchilarining hokimyat uchun kurashida hech narsa ko’zga ko’rinmayapti. Qirg’iz-o’zbek munosabatiga hokimyatga keltiruvchi kuch sifatida yondashishmoqda”, - deydi u.

O’zbeklar shu tariqa markaz va janubdagi siyosiy kuchlar qo’lida o’yinchoq.

O'shdagi manzara, 2011-yilda olingan suratlar:

Dilmurod Tillaxo’jaevning o’zi O’shdan. Qirg’inlardan keyin Qirg’zistonda yangi prezident saylanib, yangi hukumat vujudga kelganida birdamlik sari umid bog’langan edi. Lekin ular oqlanmadi, deydi suhbatdosh.

“Janubdagi siyosatchilar o’zaro qarama qarshiliklarni yengib hokimyatga bir kuch sifatida intilishmoqchi. Janubdagilarda o’zbeklar hisobidan o’z elektoratlarini ko’paytirishga intilish bor... Atambayev o’ziga yarasha xaresmatik shaxs, siyosatchi bo’lishiga qaramay, baribir bir qadar ojizroq siyosatchiga o’xshayapti, boshqalarga qaraganda. Bu odamga ta’sir qiliuvchi narsalar ko’p”, - deydi Tillaxo’jaev.

Xalqaro hamjamiyat O’shdagi elatlararo taranglikni e’tibordan qochirmasligi kerak, deydi tadqiqotchi. O’tgan ikki yil ichida vaziyatni barqarorlashtirish vazifasi faqat hukumat ixtiyoriga yuklab qo’yildi, xalqaro hamjamiyat ahvolni ko’zdan qochirdi, deydi suhbatdosh.

“Eng yomoni shu… Bu to’g’ri emas, chunki qirg’iz siyosiy elitasi bu voqealarni 20 yil avvalgidek esdan chiqarishni, tarix chekkasiga uloqtirishni xohlaydi. Lekin xalqaro hamjamiyat faol aralashishi kerak. Bu jinoyatlar jazosiz qolmasligi, uni uyushtirganlarni adolatli hukmga tortish uchun. (Xalqaro tergov komissiyasi raisi) Kimmo Kilyunenning hisoboti oxirgisi bo’lib qolmasligi kerak. Bu voqealar insoniyatga qarshi jinoyat deb baholandi. Buni uyushtirgan odamlar bor - 10-15 ta, ular jazolanmas ekan, o’zbeklarning dardini chiqarish qiyin. Hozir ular tishni-tishga qo’yib yurishibdi”, - deydi Tillaxo’jaev.

2010-yilning iyunida Qirg’iziston janubida yuz bergan qirg’inda yuzlab odamlar qurbon bo’lgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bu fojiani mustaqil o’rganib chiqqan. Kimmo Kilyunen hisobot berganida, uni Qirg’iziston hukumati ochiq ko’ngil bilan qabul qilmagan. Parlament qat’iy qoralab, Kilyunenni mamlakatga kirish huquqidan mahrum etgan.

Qirg’iz qonunchilari qirg’inda asosan o’zbek yetakchilarini ayblagan. Yuzlab insonlar qamoqqa tashlandi yoki mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG