Dalillarning ko'rsatishicha, odamzot nafaqat yer sharini, balki fazoni ham ifloslantirmoqda. Buning oqibatlari yaxshi emas, deya ogohlantiradi tadqiqotchilar. Fazoviy chiqindilar bo'yicha 7-Yevropa konferensiyasiga yig'ilgan olimlarning aytishicha, orbitaning ayrim qismlarida fazo kemalalari qoldiqlari shunchalik ko'pki, hatto u yerdan uchib o'tish xavfli holatga kelgan.
Yevropa Fazo agentligi tayyorlagan animatsiyadagi manzara dahshatli. Haqiqatda esa sun'iy yo'ldosh va raketalardan qolgan bu qoldiqlar orasidagi masofa ancha uzoq.
Lekin ular soatiga 40 ming kilometrgacha bo'lgan tezlikda harakatlanadi.
"Bu tezlik bilan sun'iy yo'ldoshga urilsa, xuddi granata portlagandek bo'ladi. Buning natijasida sun'iy yo'ldosh ishdan chiqadi, yangi ulkan chiqindilar paydo bo'ladi", - deydi agentlik rahbari Holger Kreg.
To'qnashuvdan paydo bo'lgan parchalar turli tomonlarga qarab ketadi. Yillar o'tib ular soni oshib boradi va hatto astronavtlarni olib ketayotgan fazo kemalari yo'liga tahdid solishi mumkin.
Germaniyada o'tgan anjumanda olimlar yechim ustida bosh qotirishdi. Kreg nazarida muammoga butun dunyo e'tibor qaratishi kerak.
"Fazodan foydalanish hamma uchun manfaatli. Muammoni hal qilish ham barchaning tashvishi bo'lishi kerak. Chunki biz shunday muammo paydo qildikki, uni faqat global hamkorlik yo'li bilan hal qilish mumkin", - deydi u.
AQSh Fazo strategik qo'mondonligi kosmosdagi kattaligi futbol to'picha va undan katta bo'lgan 18 ming jismni kuzatadi. Tadqiqotchilarning aytishicha, yer orbitasida 750 mingdan ortiq 1 santimetrlik temir parchalari bor. Bir millimetrgacha bo'lganlari soni esa bir necha million.
Sekundiga 7 km. tezlikda harakatlanayotgan bir santimetrli po'lat parchasi bir bo'lak alyuminiyga urilsa, uni parchalab yuborishi mumkin.
Fazoni temir chiqindilardan tozalashning eng xavfsiz yo'li ularni parchalanib ketishidan oldin yig'ib olishdir.
Buning turli usullari sinovdan o'tkazilmoqda. To'r bilan ushlab olishga mo'ljallangan robot qo'llar ulardan biri.
Ammo katta tezlikda ketayotgan jismni tutib olish jiddiy muammo va buning oson yechimi yo'q.