Breaking News

Ispaniya: Kataloniya o'zini mustaqil deb e'lon qilolmaydi


Kataloniya avtonom viloyati 1-oktabr kungi referendumda Ispaniya tarkibidan ajralib chiqish uchun ovoz berdi. Madrid natijani tan olmay, ovoz berishni to’xtatish uchun hududga minglab politsiyachilarni safarbar etgan.

Yevropa Komissiyasi, 28 davlatni o'z ichiga olgan ittifoqning ijroiya organi, referendumni "qonuniy emas" deb e'lon qildi, biroq Ispaniya hukumatini Kataloniya bilan dialog boshlashga undamoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti ham Madridni fuqarolarning fundamental huquqlarini hurmat qilishda chaqirmoqda.

Xavfsizlik organlari ovoz berishni kuch bilan to’xtatishga harakat qilgan bo’lsa-da, Kataloniya rasmiylarining aytishicha, aholining deyarli yarmi referendumda qatnashib, 90 foizi mustaqil davlat bo’lish uchun ovoz bergan. Politsiya bilan to'qnashuvlarda qariyb 900 kishi jarohat olgan.

“Kelasi bir necha kunda natijani Katalan parlamentiga uzatamiz. Suverenitet masalasini qonunchilar hal qiladi”, - deydi Kataloniya Prezidenti Karles Puchdemon.

Ispaniya Bosh vaziri Mariano Raxoy so’zlariga ko’ra, muxtor viloyatning ayirmachi hukumati o’z xatti-harakatlari bilan demokratiyani masxara qilmoqda.

“Biz majburiyatlarimizni bajarganmiz. Boshidan qonun doirasida ish tutayapmiz. Demokratik davlatimiz bu noqonuniy referendumdan o’zini himoya qiladi”, - deydi bosh vazir.

Adliya vaziri Rafael Katala so'zlariga ko'ra, Kataloniya o'zini mustaqil davlat deb e'lon qila olmaydi, unda bunday huquq yo'q.

Ispaniya Bosh vaziri Mariano Raxoy
Ispaniya Bosh vaziri Mariano Raxoy

Kataloniya siyosiy yetakchilari Raxoy hukumatini zo’ravonlikda ayblamoqda. Yevropa Ittifoqi Ispaniyani qoralab chiqishi kerak, deydi ular.

Kataloniya Ispaniyaning eng boy viloyatidir. 2015-yilgi saylovda hokimiyatga kelgan separatist guruhlar referendum o’tkazishga ahd qilgan edi. Ammo konstitutsiyada Ispaniya bo’linmas va yaxlit davlat bo’lib qoladi, deyilgan.

Referendum kuni politsiya ovoz berish uchastkalarida reydlar o'tkazgan, ovoz berayotganlarni kaltaklagan.

AQSh nazarida Ispaniya kuchli va yaxlit davlat bo'lib qolishi darkor. Ammo fuqarolarning erkin yig'ilish huquqini ham qo'llab-quvvatlaymiz, deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG