Yevropa davlatlarida o’ng qanot partiyalarga xayrixohlik kuchayar ekan, hukumatlar migratsiya bo’yicha siyosatini o’zgartirishga majbur bo’lyapti, ayrim davlatlar uni cheklashga chaqirmoqda.
Xususan seshanba kuni Vengriya, Slovakiya va Serbiya rahbarlari uchrashib, Yevropa Ittifoqi chegaralarini noqonuniy migratsiyadan himoya qilish xususida fikr almashdi. Taraflar chegara xavfsizligini kuchaytirishga chaqirmoqda.
Biroq Ispaniya Yevropada aholi qariyotganiga ishora qilib, iqtisodyotni rivojlantirish uchun migrantlarga ehtiyoj borligini bildirmoqda.
Joriy yilda bu mamlakatga 42 mingdan ziyod migrant borgan. Bu 2023-yilga qaraganda 65 foizga ko’p. Aksariyati Ispaniyaning Afrika sohilidan 100 kilometr naridagi Kanar orollariga boradi. O’tgan yili 6000 ga yaqin migrant dengizdan o’tayotib nobud bo’lgan.
Mojarolar, zo’ravonliklar, iqtisodiy nochorlikdan qochayotgan bu odamlar uchun bunday xavf-xatar to’siq emas.
O’tgan yili Ispaniyada tug’ilish sur’ati eng quyi nuqtaga tushdi. Beshta ayolga oltita bola to’g’ri kelmoqda. Iqtisodiyotni rivojlantirish, soliqlarni to’lash uchun mamlakatga yosh ishchilar kerak.
Payshanba kuni Yevropa Ittifoqi rahbarlarining sammitida Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches immigratsiyaning ahamiyati haqida gapirdi.
“Hozir va kelajakda raqobatbardosh bo’lishni istasak, iqtisodiyotimiz o’sishini xohlasak, farovonlik modelimiz barqarorligini saqlashni istasak, migratsiyaga muhtojmiz. Migratsiya oqimini demografik muammo nuqtai nazaridan nazorat qilishimiz kerak”, - dedi rahbar.
Biroq Yevropaning boshqa mamlakatlarida millatchi partiyalar kuchayib, migratsiyani qattiqroq nazorat qilishga chaqirmoqda.
“Biz kuchli qadriyatlarga ega mamlakatmiz. Migratsiyani nazorat qilish va siyosiy boshpanaga da’vogarlarga mamlakatga kirishiga qonuniy yo’lni taklif etish o’rtasida muvozanat bo’lishini istaymiz. Migrantlarsiz Ispaniya do’konlarida meva bo’lmaydi, iqtisodiyot yaxshi ishlamaydi. Biz migrantlarga muhtojmiz”, - deydi Kadis universiteti professori Xesus Verdu Baesa.
Ispaniya Afrikaning iqtisodiy va ijtimoiy o’zgarishiga urg’u berish maqsadida “Afrika strategiyasi”ni tayyorlamoqda.
Shu bilan birga, Madrid noqonuniy migratsiya oqimiga chek qo’ymoqchi, ularni olib ketayotgan qayiqlarni to’xtatish uchun Yevropa Ittifoqining chegara xizmatidan Afrika qirg’oqlarini nazorat qilishni so’ramoqchi.