AQSh Kongressida strategik qurollarni kamaytirish bo’yicha Rossiya bilan imzolangan kelishuv muhokamasi boshlandi. START nomini olgan bu hujjatga ko’ra, tomonlar raketalar sonini taxminan bir-yarim ming donaga kamaytiradi. AQSh va Rossiya bir-birining yadroviy arsenalidan xabardor bo’lib turish uchun o’zaro tekshiruvlarga ham rozi.
START bitimini AQSh va Rossiya rahbarlari shu yilning aprel oyida, Chexiya poytaxti Pragada imzolagan edi. Aniqrog’i, ikki davlat arsenalini kamaytirishga qaratilgan 1991 yilgi hujjat yangilandi.
Qurollarni nazorat qilish markazi rahbari Deril Kimbalning aytishicha, qonunchilik organlarida ma’qullanishi kutilayotgan bu kelishuvga asosan Amerika va Rossiya yadroviy qurollarini 25-30 foizga qisqartiradi.
Aksar mutaxassislar nazarida bu uncha katta raqam emas.
“Kelishuvni salmoqli deb bo’lmaydi. Ochig’ini aytsam, ko’pchilik AQSh va Rossiya, dunyoda eng ko’p yadro quroliga ega ikki davlat, ular sonini mingga tushiradi deb umid qilgan edi”, - deydi siyosatshunos Deyvid Xollovey.
“Muzokaralarda bu raqam tilga olingan bo’lsada, yakuniy hujjatda zaxiradagi raketalar 1550 donadan oshmasligi kerak deb belgilangan”.
Amerika Mudofaa vaziri Robert Geyts ta’rificha, kelishuvning eng muhim qismi bu uning ijrosi ustidan nazoratdir. “Qo’shma Shtatlar ilk bor Rossiya yadro raketalari joylashgan inshootlarga kirish, jarayonni kuzatish va tekshirish vakolatiga ega. Ya’ni puxta va ishonchli monitoring tizimi yo’lga qo’yilmoqda”, - deydi Robert Geyts.
Obama ma’muriyati qonunchilarni bitimni tezroq ratifikatsiya qilishga chaqirmoqda.
Davlat kotibasi Xillari Klintonning START shartnomasi behuda bir hujjat deydiganlarga javobi shuki, gap Rossiya bilan yadroviy xavfsizlikka doir munosabatlarni tartibga solish, qurollar bo’yicha axborot almashib turish va ularni kerakli miqdorda saqlash, qolaversa qurolsizlanish bobida boshqalarga ibrat bo’lish haqida ketmoqda.
Kongressda tasqidlanishi uchun unga 100 senatordan 67 nafari ovoz berishi kerak.
Deril Kimbal kabi eskpertlar kelishuv tez fursatda ma’qullanishiga ishonadi. Muxolifatchi respublikachilar orasida uncha qarshilik yo’q. “Tanqid va savollar asosan ayrim rusumdagi qurollar unga kiritilmagani bilan izohlanadi. Raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi borasida ham Vashington va Kreml hozircha umumiy fikrga kelmagan”.
START loyihasining ashaddiy tanqidchilaridan biri bu – AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton.
Jon Bolton yangi bitim bo’yicha muzokaralarda Rossiyaning qo’li baland kelgan, Amerika zaiflik qilgan deb hisoblaydi. Uningcha, 1600 ga yaqin qurol bilan AQSh o’z xavfsizligini ta’minlay olishi savol ostida. “Senat loyihani rad etib, Obama ma’muriyatidan muzokara stoliga qaytishni, uning ayrim bandlarini qayta ishlab chiqishni so’rashi kerak”, - deydi sobiq elchi.
Tahlilchi Deyvid Xollovey Pragada imzolangan strategik kelishuv AQShning yangi ma’muriyati Kreml bilan til topishishida muhim rol o’ynagan deydi. “Bitim Senatda ovozdan o’tmasa, nafaqat munosabatlarga darz ketishi mumkin, balki prezident Obamaning dunyoni atom qurollaridan tozalash harakatlariga pand beradi”, - deya qo’shadi mutaxassis.
Yangi START bitimi kuchga kirishi uchun Rossiya Dumasida ham ratifikatsiya qilinishi lozim. Biroq har ikki davlatda qonunchilar uni ma’qullashga shoshmayapti.