Breaking News

AQSh: O'zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston - alohida xavotirga molik davlatlar


Alohida xavotirga molik deya belgilangan davlatlar, AQSh qonunlariga binoan, sanksiya bilan jazolanishi kerak, biroq O'zbekiston, Turkmaniston va Tojikistonga nisbatan hozircha biror chora ko'rilmayapti
Alohida xavotirga molik deya belgilangan davlatlar, AQSh qonunlariga binoan, sanksiya bilan jazolanishi kerak, biroq O'zbekiston, Turkmaniston va Tojikistonga nisbatan hozircha biror chora ko'rilmayapti

AQSh Davlat departamenti har yili "alohida xavotirga molik" davlatlar ro'yxatini e'lon qiladi. Ular orasida Markaziy Osiyoning ikki davlati anchadan beri bor: O'zbekiston va Turkmaniston. Bu yil ular qatoriga Tojikiston ham qo'shildi. Bu respublikalar, Vashington nazarida, Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Saudiya Arabistoni, Sudan, Shimoliy Koreya bilan bir safda. ​

Sabab, deya tushuntiradi Amerika rasmiylari, bu jamiyatlarda e'tiqod erkinligi cheklangan; ekstremizmga qarshi kurash bahonasi bilan muxolifat adolatsiz nishonga olinadi; mahbuslar qiynoqqa solinadi va qonun ustuvor emas.

Davlat kotibi Kongressni bu borada xabardor qilgach, mazkur hukumatlarga nisbatan jazo choralari qo'llanishi kerak. Biroq O'zbekiston va Turkmaniston, Afg'onistonga qo'shni mamlakatlar sifatida AQSh bilan hamkorlik qilayotgani bois ular sanksiyadan ozod. Obama ma'muriyati Tojikistonga nisbatan ham aynan shu sabab biror chora ko'rish harakatida emas. Davlat departamenti matbuot kotibi Jon Kirbi 15-aprel kuni bu ma'lumotni tasdiqladi.

Davlat departamenti rasmiylarining qayd etishicha, bu ro'yxatda turishning o'zi hukumatlar uchun sharmandalik, Vashingtondan aniq signal, ya'ni Amerika bu mamlakatlarda nima bo'layotganini yaxshi biladi va fuqarolar bosim ostida ekanidan tashvishda. Vaziyat yaxshilanmas ekan, hamkorlik cheklanadi va aloqalar rivojlanishi qiyin.

Inson huquqlari tashkilotlari, jumladan "Human Rights Watch" Obama ma'muriyati bu mamlakatlardagi og'ir ahvolga ko'z yummayotganidan mamnun, lekin ularning noroziligi shuki, Davlat departamenti Markaziy Osiyodagi ahvolni qanchalik qoralab, tashvish bildirmasin, aslida bu repressiv tuzumlar bilan apoq-chapoq va avtoritar rahbarlar Vashingtondan harbiy, moliyaviy va siyosiy madad olishda davom etmoqda.

"Alohida xavotirga molik" degan tamg'a bosilgan hukumat jazolanishi kerak va AQSh haqiqatda adolatparvar ekanini amalda isbotlashi lozim, deya undaydi "Human Rights Watch" va Xalqaro Amnistiya singari huquq tashkilotlari, aks holda biror ijobiy o'zgarish bo'lmaydi. Obama ma'muriyati ta'sir vositalarini ishlatishdan bosh tortib kelmoqda, deya noliydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG