2020-yil saylovida AQShning Ayova shtatida 3,1 million fuqaroning 2 milliondan ziyodi saylovchi sifatida ro’yxatdan o’tdi. Shulardan 1,7 millioni saylovda qatnashgan bo’lsa, 1 milliondan oshiq odam pochta orqali ovoz bergan.
Ayova shtatidagi saylovda sobiq prezident Donald Tramp g’alaba qozondi, biroq mamlakat miqyosida Jo Baydenga mag’lub bo’ldi.
AQSh shtatlaridagi qonunchilik kengashlarining respublikachi vakillari saylov tizimini o’zgartirishga bel bog’lagan. Shu jumladan, Ayovada ham.
Bu shtat kengashini nazorat qilayotgan respublikachilar saylov uchastkasida erta ovoz berishni cheklovchi, saylov byulletenini sirtdan to’ldirish vaqtini kamaytiruvchi qonun qabul qildi.
“Saylovning adolatliligini ta’minlash vazifasi bilan yuzlashyapmiz. To’g’ri va xato ishlarni tahlil qilib, tizimni takomillashtirishga urinyapmiz”, - deydi ayovalik respublikachi qonunchi Bobbi Kaufman.
Respublikachilar bu bilan saylovda ehtimoliy qalloblikning oldini olmoqchimiz, desa, demokratlar yangi qonun saylovchi ovozini cheklashga qaratilganini aytadi.
“Ovoz berish erkinligi har bir ayovalik saylovchi uchun oson bo’lishi tarafdorimiz.
Saylovchilarimizning ko’pi bir necha ishda ishlaydigan, oilali odamlar bo’lib, vaqtiga qarab ovoz berish imkoniga ega bo’lishni istaydi”, - deydi shtatning demokrat qonunchisi Erik Gyerde.
Biroq demokratlarning qonunni to’xtatishga kuchi yetmadi. Ko’pchilikdagi respublikachilar har ikki palatada yakdillik bilan ovoz berib, uni qabul qildi.
Ayovadagi holat Demokratik partiyani xavotirga solmoqda. Yaqinda Jorjiya shtatigan AQSh Senatiga yangi saylangan demokrat Jon Ossoffning aytishicha, uning shtatida ham shunday qonun qabul qilinsa, ozchilikdagi saylovchilar ovoz berish huquqidan foydalana olmasligi mumkin.
“Bunday qonun jorjiyaliklarning ovoz berishini qiyinlashtiradi. Masalan, yakshanba kuni erta ovoz berish amaliyoti bekor qilinsa, aynan shu kuni ovoz beradigan qora tanlilar va ishchilarga qiyin bo’ladi”, - deydi Ossoff.
Respublikachilar 10 dan ortiq shtatda saylov haqidagi qonunga tuzatish kiritmoqchi.
“Ovoz berish huquqi bobidagi tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, saylovchilar faolligini cheklashga qaratilgan bunday tashabbus meni ajablantirayotgani yo’q”, - deydi “Adolatli saylov markazi” tashkilotidan Mishel Kanter Koen.
Ushbu nodavlat tashkilot ovoz berish huquqi va saylov tizimi islohotiga doir masalalar bilan shug’ullanadi.
“Saylov uchastkasini bir soat erta yopish tashabbusi ortidagi mantiq tushunarsiz menga. Axir kuni bilan ishda bo’lgan odamning aynan shu paytda ovoz berishga imkoni bo’ladi”, - deydi Koen.
“Saylovchilar faolligini so’ndirishga qaratilgan mana shunday harakatlar odamlarni g’azablantirib, saylovda rekord darajada faol bo’lishga undadi”, - deydi yana bir mutaxassis Jessika Xyuzmen.
Saylovdagi vaziyatni kuzatuvchi mustaqil, biror partiyaga aloqasi bo’lmagan “Votebeat” tashkilotining ushbu vakiliga ko’ra, islohotlarning hammasi ham mantiqsiz emas.
“Ko’p shtatlarda sirtdan ovoz berish uchun byulletenga murojaat qilishning so’nggi kuni saylov kuniga o’ta yaqin bo’lgani uchun saylov uchastkasi ma’murlarida byulletenlarni saylovchilarga yuborish va to’ldirilgan byulletenlarni olishga vaqt kam qoladi. Biroq saylov tizimini tubdan o’zgartirish shart emas. Ayrim shtatlar 2020-yilgi saylovda kutilgan, biroq sodir bo’lmagan muammolarni haddan ortiq tuzatishga oshiqmoqda”, - deydi Xyuzmen.
Ayovada qabul qilingan yangi qonun kuchga kirishi uchun shtatning respublikachi gubernatori uni imzolashi zarur.
Facebook Forum