Breaking News

Vashingtonda Milliy san’at galereyasi, Nyu-Yorkda Ozodlik haykali qayta ochildi


AQShning Nyu-York va poytaxt Vashington shaharlarida koronavirus pandemiyasi bilan bog’liq to’rt oylik karantindan so’ng madaniy maskanlar sayyohlarga ochilmoqda. Xususan, Vashingtondagi Milliy san’at galereyasi. Bu dunyoda sayyohlar eng ko’p boradigan joylardan biri bo’lib, eshiklarini mart oyida yopgan edi.

Biroq hozir galereyaga kirish uchun oldindan muayyan paytga yozilib, xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, ijtimoiy masofani saqlash zarur.

“Galereya nihoyat ochilganidan behad xursandman. Hamma niqobda bu yerda. Eksponatlarni bu yerga kelib tomosha qilish internetda tomosha qilishdan ancha farq qiladi”, - deydi Bill Linch ismli galereya mehmoni.

Milliy galereya direktori Kevin Feldmanning aytishicha, rahbariyat karantindan so’ng boshqa mamlakatlarda qayta ochilgan muzeylar tajribasini o’rganib chiqdi.

Bugun, shuningdek, Nyu-York shahrida “Ozodlik” haykali ham ochildi. Aholining bir qismi bundan bexabar bo’lgani uchun haykal atrofida odam hozircha ko’p emas.

Haykalni faqat tashqaridan ko’rish mumkin, xolos, ichkaridagi muzey va ma’buda tojidagi kuzatish maydonchasi hali ham yopiq.

“Mart oyidan beri ilk bor ishga chiqdik. Kasallanish sur’atini tushirishda tibbiy xizmatchilarning hissasi beqiyos deb o’ylayman. Shaharda turizm tushgan, ammo hozir bu yerda tomoshabinlarning kamligidan foydalanib qolish kerak”, - deydi shahardan haykal joylashgan orolga qatnovchi parom kapitani Bill Poland.

Nyu-York AQShda koronavirus epidemiyasining markazi edi, kuniga 6000 dan ortiq odamda virus aniqlanayotgan edi, biroq yakshanba kuni kasallanganlar 716 ga tushgan, mart oyidan beri eng past ko’rsatkich. Shu kuni Nyu-York shtatida virusdan sakkiz odam o’lgan, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG