Breaking News

Stiv Jobs merosi qanchaga yetadi?


10 yil oldin Stiv Jobs 56 yoshda saratondan vafot etdi. U “Apple”ni dunyodagi eng muvaffaqiyatli kompaniyalardan biriga aylantirishda muhim rol o’ynagan. “Apple”ni qanday kelajak kutmoqda?

Xalqaro hayot – 12-oktabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:22 0:00

Me’da osti bezi yoki pankreatik saraton bilan yillar davomida olishgan Stiv Jobs 2011-yil 5-oktabrida 56 yoshda olamdan o’tdi. U kompyuter dunyosida daho deya ko’rilardi. Uning hayoti haqida kitoblar yozilgan, filmar ishlangan. Moda dunyosida hatto “Stiv Jobs qiyofasi” degan ibora bor.

“Jobs kompaniyani butun dunyoga tanitdi, uning ismi “Apple”ga sinonim bo’ldi hatto. “Apple” esa yangi dunyoga, biz yashayotgan raqamli dunyoga sinonim bo’ldi. Eski dunyo hozirgisidan ancha farq qilardi”, - deydi Sirakuz universiteti professori Robert Tompson.

Stiv Jobs “Apple” kompaniyasiga 1976-yilda 21 yoshida do’sti Stiv Voznyak bilan asos soldi. So’ng “Makintosh” nomi bilan ilk xususiy kompyuterini yaratib, birinchi million dollarini ishlab topdi. 1985-yilda shaxsiy kelishmovchiliklar sabab Jobs “Apple”ni tark etadi, biroq 11 yildan so’ng moliyaviy muammolarga yuz tutgan kompaniyaga qaytib keladi. Uning rahbarligida “Apple” oyoqqa turib, bir necha yil ichida “iMac”, “iPod”, “MacBook”, “iPhone” va “iPad”larni ishlab chiqarib, kompyuter dunyosini o’zgartirib yuboradi.

“Apple” nafaqat texnologiyada, balki turmush tarzida inqilob qildi”, - deydi Tompson.

Jobsning o’limidan keyin ham kompaniya yangi bozorlarni zabt eta boshlaydi, yangi rekordlar o’rnatadi. 2018-yilda “Apple” bozordagi qiymati bir trillion dollarga yetgan dunyodagi birinchi kompaniya bo’ladi. 2020-yilda esa bu raqam ikki trillionga chiqadi. “Apple” “iPhone”lar uchun “AirPods” quloqchinlari va “Apple Watch” aqlli soatlarini ham ishlab chiqaradi.

Mutaxassislar so’nggi 10 yildagi muvaffaqiyatlar ortida Stiv Jobsning o’limidan so’ng kompaniya boshqaruvini o’z qo’liga olgan Tim Kuk turganini aytadi.

“Stiv Jobs kelajakni ko’ra bilardi. Biroq vafotidan so’ng kompaniya kelajagini belgilaydigan emas, balki uni mohirona yuritadigan odam kerak edi. Tim Kuk “Apple” uchun o’sha paytda aynan shunday odam bo’ldi, ammo u hamisha sahna ortidan turib ish qilardi, o’zini yorqin tutadigan Stiv Jobsning ancha kamtarona o’rinbosari edi”, - deydi sarmoyador va moliyaviy tahlilchi Pol Miks.

Ayrim mutaxassislar Stiv Jobsning merosi so’nib borayotganini taxmin qilarkan, “Apple” texnologiya devi bo’lishda davom etishi uchun biror olamshumul narsa qilishi kerak, deydi.

“Bashoratim shuki, kompaniyaning rivoji keskin sustlashadi. “Apple” biror yangilik yaratmasa bo’lmaydi. Bunday yirik kompaniyalarning muammosi shuki, yangi narsa kichik bo’lishi kerak emas. Muvaffaqiyat yirik bo’lishi, milliardlab dollar foyda keltirishi lozim”, - deydi Miks.

“Reyter” axborot agentligi xabariga ko’ra, “Apple” yaqin kelajakda raqobatbardosh, jozibali, avtonom boshqariladigan elektrik avtomobil ishlab chiqarishga kirishmoqchi, biroq kompaniya buni tasdiqlagani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG