AQShga tashrif buyurgan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning “Amerika Ovozi” bilan intervyuda aytishicha, alyansga a’zo mamlakatlar Rossiya masalasida yakdil.
"NATO Rossiyaga qarshi mudofaani kuchaytirishga tayyor, biroq shu bilan birga bu mamlakat bilan muloqotni davom ettirishdan ham qochmaydi", - deydi u.
Rossiyani 2014-yilda Qrimni bosib olganlikda ayblayotgan bu tashkilot ikki tomonlama strategiya qabul qilgan.
"NATO kuchli bo’lishi, har qanday hujumni qaytarishga qodir bo’lishi lozim. Rossiyaning Ukrainadagi harakatlariga javoban kollektiv mudofaa salohiyatimizni kuchaytirmoqdamiz”, - dedi Stoltenberg.
AQSh Prezidenti Donald Tramp yaqinda Bryusselga safar qilganida NATO davlatlaridan mudofaaga yetarlicha mablag’ ajratishni talab qilib, alyans nizomining kollektiv mudofaa majburiyati bitilgan 5-moddasini tan olishdan bosh tortgan edi. Stoltenberg bundan xavotirda emasligini aytdi.
"Prezident Tramp boshqa majlislarda va matbuot anjumanida NATOga sodiq ekanini ta’kidlab o’tgan”, - dedi u.
Stoltenberg bayonotlardan ko’ra amaliy ishlarga e’tibor berishga chaqirdi.
"Tramp ma’muriyati AQShning Yevropadagi harbiy xarajatlarini 40 foizga oshirishni taklif etdi. Qo’shimcha askarlar, qo’shimcha mashqlar, infratuzilma uchun qo’shimcha sarmoya, qo’shimcha jihozlar. Bularning barchasi AQShning NATO va kollektiv mudofaamizga bo’lgan munosabatini ko’rsatmoqda”, - deydi Stoltenberg.
Tramp ittifoqchi davlatlarni terrorga qarshi qattiqroq harakat qilishga chaqirganidan so’ng alyans “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi xalqaro koalitsiyaga qo’shilishga qaror qildi, deydi u.
"Zo’ravon mafkuraga qarshi siyosiy va mafkuraviy kurashimizni kuchaytirishimiz kerak. Odamlarni terror xurujlarini amalga oshirishga majbur qilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlikni ham hal qilish ustida o’ylash lozim”, - dedi NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Facebook Forum