O’tgan yili Sudan poytaxti Xartumda minglab odam namoyishga chiqib, harbiylar yordamida diktator Umar Bashirni hokimiyatdan ketishga majburlagan. Biroq keyinchalik namoyishchilar harbiylardan hokimiyatni topshirishni talab qiladi.
"Assoshieytid Press" axborot agentligining xabar berishicha, namoyishlarda qatnashgan ayollarning ba’zilari xavfsizlik kuchlari tomonidan zo’rlanganini aytib, shu kungacha adolat qaror topmaganidan nolimoqda.
Mayada ismli choy sotuvchisi shunday ayollardan biri bo’lib, mart oyida egizak tug’ishi kerak edi, biroq o’g’il chaqaloq o’lik tug’iladi, qizga esa Marva degan ism beradi.
Mayada kasalvand va qashshoq ekaniga ishora qilib, Marvani bolalar uyiga topshiradi. Uning aytishicha, u qizini haftada ikki marta ko’rib turadi, qizaloq jinsiy zo’rlik mahsuli bo’lsa-da, uni yaxshi ko’radi.
Mayada zo’rlangan kuni ko’zi oldidan ketmasligini, tez-tez hushini yo’qotishini aytadi.
“Ketimga tushib, omborxonagacha tegajoqlik qilishgan. So’ng yuzimga bir nimadir sepib, holsizlantirishgan. Hushimdan ketdim, so’ng meni zo’rlashgan”, - deydi u.
Shundan ikki oy o’tib Mayada homiladorligini o’rganadi.
2019-yil 3-iyunida o’nlab ayol zo’rlanganini da’vo qiladi. Harbiylar o’tirib norozilik bildirayotgan namoyishchilar lagerini buzib tashlaydi. Sudanda bir yil o’tib ham hokimiyat harbiylar qo’lida.
Mayada o’smirligida turmushga chiqib, balog’atga yetmasdan ikki bolaning onasi bo’ladi. Tez orada ajrashib, turmush o’rtog’i farzandlarini olib qo’yadi. Qayta turmushga chiqishdan bosh tortgan qizini ota-ona uydan haydab chiqaradi. Shundan so’ng Mayada ko’chada choy sotib, uch yil mustaqil hayot kechiradi.
Mayada namoyishchilarga lagerda choy sotgan, namoyishda qatnashmagan, ammo mahalliy faollar bilan ancha yaqin bo’lib qolgan edi.
Namoyishchilar tarqatilgan kun kamida 87 odam o’lgan. Ba’zilar 120 odam o’lganini da’vo qiladi. Prokuror zo’ravonliklar paytida jinsiy zo’rlash holatlari qayd etilmaganini aytib, harbiylar yonini oldi.
Biroq so’nggi bir yilda faollar jabrdiyda ayollar bilan suhbatlashib, ularning guvohliklarini qog’ozga tushirdi.
Faollarga ko’ra, harbiy rahbariyat o’shanda namoyishchilar irodasini bukish uchun ataylab zo’rlashga buyruq bergan.
“Jinsiy zo’ravonlik maydonda namoyishchilarga qarshi qo’llangan usullardan biri edi. O’ldirish, kaltaklash, zo’rlash – bularning barchasi muntazam zo’ravon hujumning bir qismi bo’lgan”, - deydi o’sha paytda Xartumdagi Ahfad universitetining travmatologiya markazida ishlagan Sulima Is’hoq Sharif.
Markaz jinsiy zo’ravonlik qurboni bo’lganini da’vo qilgan kamida 64 ayoldan ma’lumot to’plagan.
Ba’zi kuzatuvchilar nazarida, aslida jinsiy xurujga uchragan ayollar bundan ancha ko’p bo’lgan. Erkaklarning ham zo’rlangani aytiladi.
Shifokor Sora Ali Abdulla ayollarning zo’rlanganini o’z ko’zi bilan ko’rganini aytadi.
“Biz masjid orqasida daraxtlar ortida yashirinib turgandik. Bizni ko’rib, yonimizga kelishdi. Men va men bilan bo’lgan ayollarga tegajoqlik qilishdi. Gap bilan, qo’llariga erk berib”, - deydi u.
Muvaqqat hukumat bir yil oldingi qonli voqealar bo’yicha tergov xulosalari 22-iyungacha bosh prokurorga uzatilishini bildirmoqda. Biroq koronavirus pandemiyasi sabab tergov komissiyasi ishida tanaffus e’lon qilingani bois xulosalar belgilangan muddatda tayyor bo’lmasligi mumkin, deydi qo’mita rahbari Nabil Adib.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti tergov komissiyasidan to’plangan ma’lumotlarni jamoatchilikka oshkor etishni talab qilmoqda.
Adibning aytishicha, komissiya 3000 ga yaqin guvoh ko’rsatmalarini olgan, biroq sudda ko’rsatma beradigan guvohlarni komissiya o’z himoyasiga ololmaydi.
“Bu hukumatning ishi”, - deydi u.
Facebook Forum