Breaking News

Donor davlatlar Suriya uchun 7 milliard dollar va'da qildi


Donor mamlakatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotiga Suriyada sakkiz yillik urushdan jabr ko’rgan aholiga yordam uchun 7 milliard dollar berishni va’da qildi. BMT rasmiylari Suriya hukumatini gumanitar yordamni talabgorlarga to’siqsiz yetkazishda madad so’ramoqda.

Xalqaro hayot - 19-mart, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:14 0:00

Suriya sharqida “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi kurash hamon davom etmoqda. Suriya demokratik kuchlari AQSh harbiylari yordamida Furot daryosining sharqiy sohillarida o’rnashib olgan jihodchilarni yerdan va havodan o’qqa tutmoqda, yuzlab jangari va oilalari taslim bo’lgani aytilmoqda.

“Tinch aholini nishonga olayotganimiz yo’q”, - deydi qo’mondonlardan biri.

Bryusselda o’tgan donor mamlakatlar anjumanida 50 dan ortiq davlat jami qo’shimcha 7 milliard dollar berishni va’da qildi. 12 million suriyalik mamlakat ichida qochqinga aylangan, yana olti millioni Suriya tashqarisida.

“Shuncha pul to’planganidan xursandmiz. Barchangizga BMT nomidan saxovatingiz uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Yordamingiz millionlab insonlar hayotini saqlashga yordam beradi", - dedi BMT bosh kotibining o'rinbosari Mark Loukok.

Yevropa Ittifoqi eng ko’p pul – 2,3 milliard dollar va’da qildi. Pulning bir qismi suriyalik qochqinlarga boshpana bergan Turkiya xarajatlarini qoplashga sarflanadi. Qo’shma Shtatlar 397 million dollar ajratishini bildirdi.

“Bu urush boshlanganidan beri AQSh 9,5 milliard dollar miqdorda gumanitar yordam ko’rsatdi. Barcha donorlarga rahmat aytgan holda boshqalarni ham o’sib borayotgan ehtiyojlarni qoplash uchun mablag’ ajratishga da’vat etaman”, - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi Robert Palladino.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Suriya mojarosiga siyosiy yechim topishga chaqirdi.

“Tinchlikka erishish uchun suriyaliklar ishtirokidagi va BMT yetakchiligidagi siyosiy jarayonni boshlash kerak”, - dedi Federika Mogerini.

Shu kungacha Jeneva va boshqa joylarda o’tkazilgan diplomatik muzokaralar tinchlik bitimiga yetaklagani yo’q. 2011-yilda boshlangan urushda shu kungacha salkam yarim million inson nobud bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG