Breaking News

Suriyada erishilgan sulh amal qilishdan butunlay to'xtashi mumkin


Halab, Suriya
Halab, Suriya

Suriyada Prezident Bashar Assadga qarshi besh yildan beri kurashib kelayotgan turli muxolif guruhlar fevral oyida AQSh va Rossiya vositachiligida erishilgan kelishuv yo'q bo'lish arafasida, demoqda. Ular Halab uchun yangi hujumga tayyorlanayotganini aytgan.

Assadga qarshi faollarning aytishicha, oxirgi 48 soatning o'zida sulh shartlarining buzilish holatlari soni 66 tadan oshgan. Hukumat havo hujumlarida 100 ga yaqin odam o'lgani, ularning yetti nafari bola, beshtasi ayol ekani aytilmoqda.

Uzoq yillik to'qnashuvlarga chek qo'yish maqsadida tuzilgan tinchlik kelishuvining umri nihoyasiga yetgan ko'rinadi. Jeneva tinchlik muloqotida qatnashayotgan muxolifat muzokarachilaridan biri Basma Kodmanining aytishicha, oxirgi 10 kunda bir qator og'ir vaziyatlar yuzaga kelgan va bu sulhning amal qilishdan to'xtayotganini anglatadi.

Sulh buzilishi holatlari

Sulh shartlarining buzilishida hukumat va muxolf kuchlar bir-birini ayblaydi. BMT rasmiylari Damashqni isyonchilar nazoratidagi ayrim hududlarga yordam yuklarining o'tishiga ruxsat bermayotganlikda ham ayblagan.

So'nggi 48 soatda esa to'qnashuvlar soni keskin oshgan. "Islomiy davlat" jangarilari shimoliy Suriyadagi strategik jihatdan muhim bo'lgan shaharni qaytarib olgan. Ular bu hududni o'tgan hafta qo'ldan boy bergan edi.

Shuningdek, mart oyi oxiridan beri Suriya-Turkiya chegarasidagi bir qator qishloqlar "Islomiy davlat"dan tortib olingan.

"Al-Qoida"ga aloqador Jabhat al-Nusra va boshqa guruhlar 11-aprel kuni Halab, Hamo va Latakiya viloyatlarida hujumlar uyushtirgan. Hamoda asosiy e'tibor hukumat nazoratidagi hududlarni egallashga qaratildi. Har bir tomon hujumlarda olg'a siljiganini da'vo qilmoqda. Hukumat kuchlari Halab janubida 40 dan ortiq havo zarbalarini amalga oshirgan.

Rossiya hujumlari

Suriya hukumati va Rossiya harbiy samolyotlari Salhin, Maysar, Baydin, Bani Zayd va Shafiq tumanlariga zarbalar bergan.

Londonda joylashgan inson huquqlari bo'yicha kuzatuv markazi rahbari Rami Abdul Rahmonning aytishicha, Halabda sulh amaldan to'xtagani aniq.

Suriya Bosh vaziri Vail al-Hayqi Halabni butunlay hukumat nazoratiga o'tkazish bo'yicha amaliyotlar muvaffaqiyatli olib borilayotganini aytdi. Shundan so'ng "Islomiy davlat" ixtiyoridagi hududlarga ham kirib boramiz, dedi rasmiy.

Jenevada tinchlik muloqotining navbatdagi bosqichi boshlanishi kutilar ekan, Suriya bo'yicha BMT rasmiysi Staffan de Mistura zo'ravonlikning yana kuchayayotganidan xavotirda.

Damashqda Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim bilan uchrashgan de Mistura Assad hukumatini sulh shartlariga rioya qilishga va ko'proq insonparvarlik yordami yetkazilishiga imkon berishga chaqirdi.

Assadning kelajagi

Sulh shartlarining muntazam buzilayotgani chorshanba kuni boshlanadigan navbatdagi muloqot uchun yomon yangilik. Muzokaralarda jiddiy siljish kuzatilmayapti. Tomonlar kelisha olmayotgan asosiy masalalardan biri amaldagi Prezident Bashar Assadning kelajagi haqida. Muxolifat uning hukumatdan butunlay ketishini talab qilmoqda.

Assad rejimi so'nggi oylarda Rossiyaning harbiy yordami evaziga o'z mavqeini ancha tiklab oldi. Eron rasmiylaridan birining aytishicha, Assad hozirgi prezidentlik muddatini nihoyasiga yetkazishi va boshqa har qanday suriyalik kabi kelasi saylovlarda ham ishtirok etish huquqini saqlab qolishi kerak.

Eron Suriya rejimining eng yaqin ittifoqchilaridan sanaladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG