Breaking News

Sochi anjumanidan oldin Suriyada to'qnashuvlar kuchaymoqda


Turkiya armiyasi
Turkiya armiyasi

Suriyada qarama-qarshi guruhlar jang qilishda davom etarkan, mamlakat shimoli-g’arbida tinch aholi orasida talafotlar katta. Turkiya esa Afrin shahrini kurd qismlaridan tozalashga intilmoqda. Turk qo’shinlari strategik tepalik qo’lga olingani haqida ma’lum qilgan.

Suriya hukumati kuchlari esa Rossiya jangovar samolyotlari yordamida Idlib viloyatida isyonchilarga o’q yog’dirmoqda. Bugun Sochi shahrida Suriya tinchlik muloqoti o’tkazilmoqda.

Suriyalik kurdlarni Turkiyada bo’lginchilik va terrorizmda ayblanayotgan Kurdiston ishchilar partiyasiga bog’layotgan hamda Turkiya xavfsizligiga tahdid deb bilgan Anqara “Zaytun novdasi” (Zeytin Dali) amaliyotini kuchaytirmoqda.

“Barsaya tepaligi eng yuqori nuqta bo’lgani uchun strategik ahamiyatga ega. Kurdiston ishchilar partiyasi uni bir paytlar nazorat qilar edi”, - deydi turk qo’shinlariga yordam berayotgan suriyalik isyonchi ofitser.

To’qnashuvlarda tinch aholi ham o’lmoqda. Yaradorlar Afrindagi kasalxonaga yetkazilmoqda. Anqaraning da’vo qilishicha, uning havo hujumlari tinch aholiga qarshi qaratilmagan.

Idlibda esa Suriya hukumati va Rossiya harbiy-havo kuchlari harakatida yakshanba kuni kamida 30 odam nobud bo’lgan. Isyonchilarga ko’ra, viloyatning Saraqeb shahridagi bozor va kasalxona nishonga olingan.

Hokimiyat uchun kurashayotgan turli guruhlar o‘rtasida ham janglar shiddatli kechmoqda. Rossiya Sochidagi muzokaralarga muxolifat vakillarini taklif qilgan.

“Rossiyaning Suriya urushida o’ziga yarasha roli bor. Salbiy roli kattaroq, albatta. Havo hujumlarida tinch aholi o’lmoqda. Ammo Rossiyasiz bir kelishuvga erishib bo’lmaydi”, - deydi muxolifat vakili Haytam Manna.

Sochida tomonlar Suriya konstitutsiyasiga o’zgartirish kiritish xususida fikr almashadi.

BMT bosh kotibining Suriya bo’yicha vakili Staffan de Misturaning aytishicha, Suriya xalqi konstitutsion jarayon orqali va BMT nazorati ostida parlament va prezident saylovlarida qatnashib, o’z kelajagini erkin va mustaqil belgilash huquqiga ega bo’lishi kerak.

Turkiyaning e’tirozi sabab kurdlar jarayonda qatnashmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG