Breaking News

AQSh havo hujumida "Islomiy davlat"ning uch yetakchisi o'lgan


AQSh Mudofaa vazirligining bildirishicha, Iroq va Suriyada amalga oshirilgan havo hujumlarida "Islomiy davlat" ekstremistlar to'dasining uch yetakchisi yo'q qilingan.

"O'lganlardan biri Abu Saloh guruhning moliya tizimini boshqargan", - deydi xalqaro koalitsiya so'zlovchisi polkovnik Stiv Vorren.

Abu Saloh jihodchi to'daning moliya vaziri deya ta'riflanmoqda. So'nggi haftalarda guruhni daromad manbalaridan ayirishga qaratilgan sa'y-harakatlar kuchaytirilgan.

Iroqning Ramadi shahrida esa koalitsiya havo hujumlarida 350 jangari o'lgan. Ammo Ramadi hamon "Islomiy davlat" nazoratida. AQSh Mudofaa vaziri Eshton Karter shaharni ozod etish bo'yicha operatsiya sekin kechayotganiga qaramay, jihodchilar mag'lub bo'ladi, deya ishonch bildirmoqda.

Assadsiz Suriya

AQSh, Rossiya va BMT diplomatlari bugun Shvetsariyada uchrashib, Suriyada tinchlik muzokaralarini yo'lga qo'yish xususida gaplashmoqda.

Kecha Suriyaning bir necha muxolifatchi guruhlari Bashar al-Assad hukumati bilan muloqot boshlashga qaratilgan rejani ma'qullangan edi. Saudiya Arabistonida o'tgan uchrashuvda turli guruhlarning 100 dan oshiq vakili qatnashgan.

"Lekin Prezident Assad hokimiyatdan ketishi kerak. Mojaro yakun topib, Suriya yangi davrga qadam qo'yishi uning ketishiga bog'liq. Muloqot ishtirokchilarining barchasi shu fikrda", - deydi Suriya milliy kengashidan Luay Safi.

Xunrezlikni bas qilib, siyosiy o'zgarishlarga yo'l ochadigan muzokaralar rejasi o'tgan oy 20 yirik mamlakat tomonidan olg'a surilgan. Assad va mo'tadil oppozitsiya o'rtasida muloqot kelasi oy boshlanishi kutilmoqda.

Qochqinlar

Suriyalik qochqinlarning birinchi guruhi - 163 kishi Kanadaga yetib keldi. Toronto aeroportida ularni Bosh vazir Jastin Tryudo va boshqa rasmiylar kutib olgan. Kanada jami 25 ming qochqinga boshpana berishni rejalamoqda.

Qo'shma Shtatlarda ham 10 ming suriyalikka boshpana berish rejada, ammo Fransiyadagi terror xurujlari ketidan 30 ga yaqin shtat bu tashabbusni yoqlamayapti.

Respublikachilardan prezidentlikka yetakchi da'vogar Donald Tramp musulmonlarni AQShga vaqtincha kiritmaslik taklifi bilan ham chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG