Breaking News

Suriya poytaxti, shimolida xurujlar


Xavfsizlik xizmati idorasi yaqinida mashina portlagan, Idlib, 30-aprel, 2012-yil
Xavfsizlik xizmati idorasi yaqinida mashina portlagan, Idlib, 30-aprel, 2012-yil

Suriyada inson huquqlari ahvolini kuzatuvchi Britaniyada asoslangan guruh bergan ma’lumotga ko’ra, Idlib shahrida ikki portlash kamida 20 odamni hayotdan olib ketgan. Xavfsizlik xizmati binolari va xodimlari nishonga olingan.

Davlat matbuoti esa voqeani terror xuruji deb ta’riflab, ikki portlash sakkiz kishining yostig’ini quritganini aytmoqda. Yuzlab fuqaro jarohatlangan. Idlib hukumatga qarshi namoyishlar markazlaridan sanaladi.

Shuningdek bugun, deya bildiradi SANA axborot agentligi, qurollangan kishilar poytaxt Damashqda Markaziy Bank binosi va politsiya patruliga granatalar otgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Arab Ligasi vositachiligida Suriyada 12-aprel kuni sulh e’lon qilingan edi. Lekin hukumat va muxolifat bitimga to’liq amal qilmay keladi va bir-birini janjalni birinchi boshlaganlikda ayblaydi. BMTning qurolsiz 30 kuzatuvchisi Hamo, Dar’o, Hims va Idlibda o’rnashib, sulh ijrosini tekshirmoqda.

Missiya rahbari, norvegiyalik general Robert Mud prezident Bashar al-Assad ma’muriyati va oppozitsiyani zo’ravonlikni tugatishga chaqirib keladi.

“Tez orada BMT kuzatuvchilari soni 300 ga yetadi”, - deydi u. “Lekin Suriyadagi hamma muammolarni yolg’iz hal qila olmaymiz. Hukumat va namoyishchilar ham harakat qilishi kerak”, - deydi general.

Robert Mud so’zlariga ko’ra, qon to’kilishlar ko’lami keskin kamaygani katta yutuq.

Faollarning aytishicha esa kecha va bugungi to’qnashuvlar 25 odamni hayotdan olib ketgan. Hamo viloyatida askarlar 14 kishini otib o’ldirdi, deydi ular. Armiya safida ham talofatlar bor. Bu raqamlarni mustaqil ravishda tasdiqlash mumkin emas.

Suriyada o’tgan yilning boshida muxolifat isyon ko’tarib, prezident Assad hokimiyatdan ketishi kerak, deb chiqqan edi. Rahbariyat nazarida g’alayon ajnabiy kuchlarning provokatsiyasi. Isyonchilar deydiki, Assad ma’muriyati portlashlarni o’zi uyushtirib, muxolifat sha’niga dog’ tushirmoqchi.

Shu paytgacha olishuvlarda, BMT hisobicha, taxminan 9 ming fuqaro o’lgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG