Suriyaning hukumat nazoratidagi hududlarida aholi prezident sayloviga chiqdi. Kuzatuvchilar amaldagi rahbar Bashar Assad g’alaba qozonib, to’rtinchi 7 yillik muddatga saylanishiga shubha qilmayapti.
Minglab odam poytaxt Damashq saylov uchastkalarida to’planib ovoz berdi.
"Bu kunni 2-3 oy kutdik, 10 yil bunga tayyorgarlik ko’rdik. Kechalari uxlamadik. Dunyo ovozimizni eshitsin, fikrimizni bilsin, dedik. Prezident Bashar Hofiz Assaddan boshqa rahbar bizga kerakmas”, - deydi saylovchilardan biri.
Bu 10 yil oldin Suriya fuqarolar urushiga yuz tutganidan beri ikkinchi prezident saylovi. Muxolifat ham, G’arb davlatlari ham uni tomosha deya tanqid qilmoqda.
Assadlar oilasi salkam 50 yildan beri ushlab turgan oliy lavozimga yana ikki nomzod da’vogarlik qilmoqda.
Suriyaning kurdlar nazoratidagi shimoli-sharqiy rayonlarida hamda isyonchilar qo’lidagi shimoli-g’arbiy Idlib viloyatida saylov o’tkazilmaydi.
G’arb sanksiyalari, koronavirus, qo’shni Livandagi moliyaviy inqiroz, ichki kurash va korrupsiya sabab Suriya iqtisodiyoti tushkunlikka tushgan.
Idlibda isyonchilar tarafidagi yuzlab odam ko’chaga chiqib, saylovga noroziligini bildirdi. Ular Suriya muxolifati bayroqlari, Assadga qarshi shiorlar bilan namoyish qildi, saylov xo’ja ko’rsinga o’tkazilayotganini aytdi.
"Bizni bu tomosha bilan laqillata olishmaydi. Millionlab odamlarni o’ldirgan, hibsga olgan, qiynagan bu jinoyatchi o’tkazgan saylovni hech kim tan olmaydi”, - deydi idlibliklardan biri.
Turkiyadan yordam olayotgan isyonchilar nazoratidagi bu viloyatda salkam uch million odam yashaydi.
Facebook Forum