Breaking News

BMT Eronga taklifini bekor qildi


Havo hujumiga uchragan Halab, Suriya
Havo hujumiga uchragan Halab, Suriya
Birlashgan Millatlar Tashkiloti uzoq o'ylanib, chorshanba kuni Shveysariyada boshlanayotgan Suriya tinchlik anjumaniga Eronni rasman taklif qilgan edi. Biroq Suriya muxolifati prezident Bashar al-Assadning bosh homiysi anjumanga borsa, yig'inni boykot qilishini aytgach, BMT fikridan qaytdi. Qo'shma Shtatlar ham Tehron ishtirokiga qarshi ekanini bildirib kelayotgan edi.

Oppozitsiya tinchlanib, Jenevaga safarga hozirlik ko'ra boshlagan.

Eron Suriya rahbarini moliya, qurol-aslaha va jangchilar bilan ta'minlab keladi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, Jeneva anjumanida bosh mavzu - Suriyada muvaqqat hukumat uchun zamin hozirlash. Ammo na Assad, na Tehron hukumatni boshqa kuchlarga topshirishga rozi.

Pan Gi Mun avvalroq Eronni chorlash qarorini izohlar ekan, Suriya mojarosini hal etishda muzokaralarda Eronning ishtiroki zarur, degan edi.

"Eron muloqotdan maqsad muvaqqat hukumat tuzish ekanini yaxshi tushunadi. Bu davlat tashqi ishlar vaziri Javod Zarif muzokaralarda konstruktiv rol o’ynashga so’z berdi", - deydi Pan Gi Mun.

Suriyadagi asosiy muxolif guruhlardan biri Milliy koalitsiya muzokaraga Eronning taklif etilishiga qat'iyan qarshi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Jennifer Psakining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Eronning Suriya prezidenti Bashar Assad bilan ittifoqidan tashvishda.

Tehron tinchlik anjumani maqsadlarini qabul qilishi shart, aks holda unda qatnashmagani ma’qul, degan edi Amerika mulozimlari.

Assadning fransuz axborot agentligiga aytishicha, tadbirda terrorizm masalasi ham ko’tarilishi lozim, chunki Suriya armiyasi xalq qo’zg’olini emas, ekstremistik guruhlarga qarshi jang qilmoqda.

Suriya muxolifat va isyonchilarni terrorchilar deb biladi. Ayrim muxolif guruhlar, Assad nazarida, Qatar, Saudiya Arabistoni, Fransiya va AQSh razvedkalari tomonidan yaratilgan.

Assad keyingi prezident saylovlarida ham qatnashishi mumkinligini bildirdi.

"Agar xalq qarshi bo’lmasa", - dedi u.

Anjumanga Erondan tashqari yana to’qqiz davlat taklif etilgan.

AQSh prezidenti Barak Obama “Nyu-Yorker” jurnaliga bergan intervyusida Suriyadagi vaziyatdan xavotirda ekanini aytadi. Ammo Obama Suriyaga qarshi harbiy chora qo’llamaganidan afsusda emas.

“Muxolifatni qurollantirsak, Suriya prezidenti Bashar Assaddan shu kungacha qutilgan bo’lar edik deb o’ylash xayolparastlik”, - deydi Obama.

Prezidentning aytishicha, Suriyadagi mojaroni jilovlash uchun AQShning ishtiroki Iroq urushi ko’lami darajasida bo’lishi lozim.

"Qo’shma Shtatlar Suriya muxolifatini moliyalayotgan tomonlar bilan hamkorlik qilishi zarur, toki mamlakatda ekstremistik guruhlar paydo bo’lmasin", - deydi Obama.

U Afg’onistonda Tolibon harakatini misol tariqasida keltiradi. Ma’lumki, Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda Sovet istilosiga qarshi kurashda turli mujohid guruhlarga qurol bilan yordam berib, Osama bin Laden va Tolibonning paydo bo’lishiga sabab bo’lgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG