Breaking News

Assad va muxolifatning xalqaro konferensiyada ishtirok etishi hanuz noaniq


Suriya prezidenti Bashar Assad argentinalik jurnalistlar bilan, 18-may, 2013-yil.
Suriya prezidenti Bashar Assad argentinalik jurnalistlar bilan, 18-may, 2013-yil.
Bugun AQSh davlat kotibi Jon Kerri Yaqin Sharq bo’ylab safarga otlanmoqda. Maqsad Suriya mojarosiga yechim topish maqsadida o’tkazilayotgan xalqaro konferensiyaga arab o’lkalarini ham taklif qilish. Kerri Ummon, Iordaniya, Falastin va Isroilda bo’lib, so’ng Afrika Ittifoqi sammitida ishtirok etish uchun Efiopiyaga yo’l oladi.

Kerrining Yaqin Sharq safari, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00
Yuklab oling

Anjuman tashkilotchilari ilk bor prezident Bashar al-Assad hukumati va muxolifatni bir stol atrofiga jamlashga urinmoqda.

Vashington va Moskva ixtilofda qarama-qarshi tomonlarni qo’llab-quvvatlasa-da, Suriyada o’tish hukumatini tuzish zarurati haqida yakdil fikrda.

AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Rossiya va AQSh mojaroga tinch yechim topish maqsadida o’zaro hamkorlik qilishni muhim va maqbul yo’l deb hisoblaydi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun tomonlarni tezroq harakat qilishga undamoqda.

Lavrov va Kerri taklif etayotgan bu imkoniyatni qo’ldan boy bermasligimiz kerak. Uni tezroq amalga oshirish bo’yicha umidlarimiz katta, deydi BMT rahbari.

Prezident Bashar al-Assad esa siyosiy yechim va terrorizm o’rtasida tushunmovchilik hukm surayotganini aytadi.

“Suriya ichida bo’lsin, tashqarida bo’lsin, biz vositachilar bilan muzokaralarga tayyor ekanimizni boshidan aytib kelamiz. Shart shuki, muzokaraga kirmoqchi bo’lganlar bizga qarshi qurol ko’tarmasin. Qurol bilan muloqotga kirisha olmaysiz”, - deydi u.

Suriya rahbari muloqot olib borish uchun uyushgan muxolifatning o’zi yo’qligini ta’kidlaydi. AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Stiv Xeydemenga ko’ra, Assad mojaro markazida turgan asosiy masalalarga diqqat qaratishni istamayapti.

“Ular Rossiya bilan aloqalariga putur yetkazishni istamasa-da, bo’lib o’tishi kutilayotgan bu muzokaralarni to’xtatish yoki undagi mavzularni o’zlari xohlagan shaklda taqdim etish uchun bor kuchlari bilan harakat qilishyapti”, - deydi tahlilchi.

Prezident Assad hokimiyatni hali-beri tark etish niyatida emas. Muxolifatning asosiy talabi esa Assadning ketishi.

“Bu AQSh qo’llab-quvvatlayotgan talab emas. Yevropa Ittifoqi ham uning ortida turgani yo’q. Ammo muxolifat oyoq tirab turib olsa, muzokaralarning biror natija bilan tugashi dargumon”, - deydi Xeydemen.

Kerri Yaqin Sharq safari davomida Suriya muxolifati bilan uchrashishi rejalanmagan. Isyonchilarning tinchlik konferensiyasida qatnashishi ham hali aniq emas. Muxolifat rahbari Jorj Sabra buni muzokara shartlari hanuz noaniq qolayotgani bilan izohlaydi.

“Qaror berishga hali erta. Chunki anjuman kun tartibi hanuz ma’lum emas. Mavzular yoki ishtirokchi davlatlar ro’yxati tayyor emas”, - deydi u.

Rossiya muzokaralarga Eronni ham taklif qilmoqchi. Vashington esa Tehronning aralashishini istamaydi. Taklif etiladigan davlatlar ro’yxati ustida BMT ishlamoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG