Breaking News

"Suriya do'stlari" hukumat va muxolifatni muloqotga chorlamoqda


Londonda "Suriya do'stlari" guruhiga kiruvchi 11 davlat tashqi ishlar vazirlari va Suriya muxolifati vakillari uchrashmoqda, London, 22-oktabr, 2013-yil
Londonda "Suriya do'stlari" guruhiga kiruvchi 11 davlat tashqi ishlar vazirlari va Suriya muxolifati vakillari uchrashmoqda, London, 22-oktabr, 2013-yil
Londonda “Suriya do’stlari” guruhiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari majlis qildi. 11 mamlakat rasmiylari Suriya muxolifati vakillari bilan bo’lajak tinchlik anjumani xususida gaplashdi.

AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, fuqarolik urushi va gumanitar fojiani tugatishning birdan-bir yo’li muzokara.

"Urush Suriyani davlat sifatida yemiradi, ekstremistik guruhlarni oyoqqa ko'taradi, qochqinlarning ko'payishiga sabab bo'lib, qo'shni davlatlarga og'iri tushadi, mintaqa barqarorligini izdan chiqaradi", - dedi Kerri.

Biroq Suriya milliy koalitsiyasi shartlar qo’ymoqda.

Guruh matbuot kotibi Xolid Solihning aytishicha, siyosiy o’tish davrida va kelajakda amaldagi prezident Bashar Assadning roli qanday bo’lishi haqida lom-mim deyilmayapti.

"Tinchlik va barqarorlik bo’lishi, qonun va tartib hukm surishi uchun 120 ming suriyalikning hayotiga zomin bo’lgan insonga bo’lajak hukumatda o’rin bo’lmasligi kerak", - deydi Suriya muxolifati vakili.

Assad Livan televideniyesiga bergan intervyusida tinchlik muzokaralari o’tkazilishiga shubha bildirdi.

"Jenevadagi yig’inda qatnashmoqchi bo’lgan guruhlar kim? Ularning Suriya xalqiga qanday aloqasi bor? Xalq ularni vakil qilganmi?" - deydi Assad.

Kecha Kerri Parijda Qatar va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi. Ularning aytishicha, Assad hokimiyatda ekan, Suriya mojarosini tinch yo’l bilan hal etib bo’lmaydi.

Assad prezidentlik muddatining oxirigacha vazifasini bajarishini aytib, kelasi yil bo’ladigan saylovlarda qatnashishi mumkinligiga ishora qilgan. Kerri uning bu gaplarini tanqidga oldi.

"Assad qayta saylanish orqali muammolarni hal eta olaman deb o’ylayotgan bo’lsa, xato qiladi. Bu bilan urushga chek qo’yib bo’lmaydi", - dedi Kerri.
XS
SM
MD
LG