Suriyada yana bir qatliom ro’y bergani bu davlatni sulh va tinchlik harakatlaridan yanada yiroqlashtirdi. Mazrat al-Qubair qishlog’ida 78 jasad topilgan, aksariyati ayollar va bolalar. Barchasi pichoqlab, otib ketilgan, 12 jasadga o’t qo’yilgan.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Munning aytishicha, Suriya askarlari voqea joyiga yo’l olgan kuzatuvchilarning yo’lini to’sgan, ularga qarata o’q uzilgan.
“Oxiri ko’rinmayotgan bu mojaroning butun mintaqaga tarqalish xavfi bor", - deydi Pan Gi Mun.
Mahalliy faollarga ko'ra, al-Qubairdagi fojia hukumatga aloqador guruhlarning ishi. Rasmiy Damashq esa "terroristlar" ni ayblab chiqdi.
AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning ta’kidlashicha, prezident Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi shart. Shundagina kelajak haqida, barqarorlik va taraqqiyot haqida gapirsa bo’ladi.
“Xalqaro hamjamiyat Assaddan keyingi Suriya haqida o’ylay boshlashi kerak”, - deydi u.
Ayni paytda BMT va Arab Ligasi vakili Kofi Annan shafe’ligida tinchlik rejasini tatbiq etish harakatlari davom etmoqda.Vashington bu reja samara berishi uchun vaqt va imkoniyat berish tarafdori, toki BMT Xavfsizlik Kengashining ayrim a’zolari, xususan Rossiya va Xitoy, qo’shimcha choralar ko’rish zaruriyatini anglab yetsin.
Kofi Annan bugun Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyaga Suriyadagi vaziyat yuzasidan hisobot beradi. Annan yangi takliflar bilan chiqishi kutilmoqda.