Bugun Suriya muxolifati vakillari Jenevada BMT maxsus vakili Staffan de Mistura bilan uchrashdi. Mistura hukumat va muxolifat vakillarini muzokara boshlashga undamoqda. Biroq bundan oldin muxolifat hukumatga isyonchilar nazoratidagi hududlar qamaliga chek qo'yish va Rossiya harbiy-havo kuchlari zarbalarini bas qilish talabini qo'ymoqda.
BMT vositachiligidagi muzokaralar juma kuni boshlangan. Undan maqsad 2011-yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushiga barham berish.
Suriya hukumati delegatsiyasiga bu mamlakatning BMTdagi elchisi Bashar Jafariy rahbarlik qilmoqda. Mistura muxolifat vakillari bilan uchrashuv samarali o'tganini ma'lum qildi.
Suriya hukumatiga qarshi jang qilayotgan kurdlar muzokaraga taklif etilmagan. Turkiya suriyalik kurdlarning Turkiya janubi-sharqida kengroq vakolat uchun 30 yildan beri kurashayotgan turkiyalik kurd jangarilari bilan tili bir ekanini da'vo qilmoqda.
Rossiya harbiy yordami bilan Assad qo'shinlari so'nggi haftalarda bir necha rayonlarni o'z nazoratiga olgan. Jeneva tinchlik jarayonida bir necha guruh vakillaridan tarkib topgan muxolif koalitsiya ishtirok etmoqda. Biroq kuzatuvchilarga ko'ra, koalitsiya zaif va tarqoq, hukumatning muzokaralarga ehtiyoji yo'q.
“Muxolifatda umumiy pozitsiya va umumiy siyosat, kelajak xususida umumiy qarashlar yo'q", - deydi bostonlik tahlilchi Nadim Shahodiy.
Bugun Suriya poytaxti Damashqda sodir etilgan terror xurujlarida kamida 60 ta odam o'lgan. Shaharning Sayida Zaynab dahasida avval mashinaga joylangan bomba portladi. So'ng hududga qutqaruvchilar yetib kelib, odamlar to'plangach, ikki odam o'zini portlatgan. Dahada, asosan, shialar yashaydi.