Breaking News

G'arb Suriyada isyonchilarni qurollantiradimi?


Suriyalik isyonchi
Suriyalik isyonchi
Suriyada muxolifat Bashar Assad rejimiga qarshi qurolli kurashni davom ettirar ekan, isyonchilar G’arbdan harbiy madad so’ramoqda. AQSh va Yevropa davlatlari isyonchilar safida islomiy jangarilar borligidan xavotir olib, ularni qurol bilan ta’minlashga shoshmayapti. Biroq bu mamlakatlarda muxolifatni qurollantirish tarafdorlari hukumatlariga bosim qo’ymoqda.

Tahlilchilar Suriya armiyasi va muxolifat o’rtasida kuchlar nisbati hukumat foydasiga ekanini aytmoqda. Assad qo’shinlari minglab tanklar, harbiy vertolyotlar, qiruvchi samolyotlar, og’ir artilleriya, bronetransportyorlar, kimyoviy qurolga ega.

Yillar davomida avval Sovet Ittifoqi, so’ng Rossiya Damashqni qurol bilan ta’minlab keldi.

Prezident Bashar Assad yaqinda Suriya havo sarhadlarini tashqi hujumdan himoya qilish uchun Rossiyadan mudofaa sistemasinining bir qismini olganini bildirdi.

Isyonchilarda na og’ir qurollar, na vertolyotlar bor. Ular avtomat, pulemyot, tankka qarshi moslama va yelkadan otiladigan raketalar bilan qurollangan, xolos.
Ekspertlarga ko’ra, muxolifat qo’lidagi qurollarning katta qismi harbiy omborlardan, armiyadan isyonchilar tarafiga o’tgan askarlardan, qora bozordan olingan.

Bundan tashqari Qatar va Saudiya Arabistoni ham ularga qurol sotib olishda yordam berish uchun muxolifatni moliyalamoqda, ayrim hollarda o’zlari ham ularga qurol uzatmoqda.

Kuchlar muvozanatini ta’minlash maqsadida Yevropa Ittifoqi Suriya muxolifatiga qo’yilgan qurol embargosini bekor qildi.

Harbiy masalalarda ekspert Jon Paykning aytishicha, bu to’g’ri qaror.

"20 yil burun Bosniya haqida ham xuddi shunday bahs ketgan edi. O’shanda ham qurol embargosi joriy etilib, oddiy xalq qirilib ketayotgan edi. Biroq keyin embargo olib tashlanib, Miloshevich kuchlariga qarshi zarba berildi. Bir necha hafta o’tib esa serb diktatori muzokara stoliga o’tirishga majbur bo’ldi", - deydi Payk.

Biroq Suriya muxolifatini qurollantirish xavfli, deydiganlar ham bor. London iqtisod maktabi tahlilchisi Favaz Gergesning aytishicha, harbiy yordamni muxolifatning qaysi qismiga berish kerakligi haqida aniq tasavvur yo’q.

"Mamlakat ichkarisida 300 ga yaqin qurollangan guruhlar bor. Ularning harakatlarini muvofiqlashtiruvchi yagona boshqaruv markazi yo’q. Suriyadagi barcha qurolli guruhlarni birlashtiruvchi umumiy maqsad va mafkura yo’q. Muxolifat betartib, bo’lingan, bir-biridan mustaqil. Aynan shu omil sabab muxolifat haligacha Assad hukumatiga qarshi hal qiluvchi zarba bera olmayapti. Bu esa Assadga so’nggi to’rt oydan beri hujumga o’tishga yordam berdi", - deydi Gerges.

AQShning BMTdagi sobiq elchisi Jon Bolton ham isyonchilarni qurol bilan ta’minlash rejasiga qarshi.

"Bu mojaroda yaxshi tomonni topish juda qiyin. Assad rejimini oqlaganim yo’q, biroq muxolifatning aksariyat yetakchilarini ham zo’r deb bo’lmaydi. Ular Al-Qoida, boshqa terrorchi va radikal islomiy guruhlar bilan til topishgan", - deydi Bolton.

Vashingtondagi Stimson tahlil markazi xodimi Mona Yakubyan ham shu mavzuda fikr bildiradi.

"AQSh manfaatlaridan kelib chiqadigan bo’lsak, qurollarning begona kuchlar, jihodchi elementlar qo’liga tushishi ehtimoli xavotirga molik. Ularning maqsadi AQSh manfaatlariga zarar keltirish. Suriyada mazhablararo fuqarolik urushi ketayotganini hisobga olsak, jang qilayotgan tomonlardan birini qurollantirish bilan AQSh va boshqalar xolisligini yo’qotadi", - deydi tahlilchi.

Shu kunga qadar Qo’shma Shtatlarning Suriya muxolifatiga yordami tibbiy anjomlar, aloqa vositasi, suvni tozalash sistemasi kabilar bilan cheklangan. Biroq Obama ma’muriyati Assadga qarshi kuchlarni qurollantirish talabini olg’a surayotgan ayrim qonunchilar bosimiga duch kelmoqda.

Suriya-Iordaniya va Amerika qo'shinlari/SYRIA JORDAN US
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG