Breaking News

Respublikachilar suriyaliklarning AQShga kelishini qiyinlashtirmoqchi


Amerika suriyalik qochqinlarga eshikni yopadimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:35 0:00

Amerika suriyalik qochqinlarga eshikni yopadimi?

Bugun AQSh Kongressining Vakillar palatasida Obama ma'muriyatining iroqlik va suriyalik qochqinlarni AQShga qabul qilish dasturini muzlatib qo'yishga qaratilgan qonun loyihasi ovozga qo'yiladi. Respublikachilar tashabbusi bilan ishlangan hujjatga prezident veto qo'yishini bildirdi.

Palataning yangi spikeri, respublikachi kongressmen Pol Rayanning aytishicha, Parijdagi terror xurujlari amerikaliklarni xavotirga soldi, aholi Iroq va Suriyadan boshpana so'rayotganlarning AQShda zo'ravonlikka qo'l urishidan tashvishda.

Oq uy bayonotiga ko'ra, respublikachlarning qochqinlarni tekshirish maqsadida taklif etayotgan talablari zaruratsiz va samarasizdir.

"Yaqin Sharq va Yevropadagi ittifoqchilarimizga yordam berish maqsadida hamda insonlarning hayoti qil uchida turganini hisobga olgan holda Qo'shma Shtatlar suriyalik qochqinlar muammosini hal qilishda o'rnak bo'lishi zarur", - deyiladi bayonotda.

Demokrat qonunchilarga ko'ra, amaldagi talablar usiz ham qattiq, suriyalik va iroqlik qochqinlar sinchkovlik bilan tekshiruvdan o'tgan. Ular nazarida Qo'shma Shtatlar qochqinlarga eshiklarini yopsa, boshqa mamlakatlar ham ularni qabul qilishdan bosh tortishi mumkin.

Vakillar palatasining Ichki xavfsizlik qo'mitasi raisi, respublikachi Maykl Makkolning aytishicha, "Islomiy davlat" jangari guruhi o'z xurujlarini qochqinlar orqali amalga oshirishi haqida bildirgan.

Respublikachilar taklifiga ko'ra, Federal qidiruv byurosi direktori, Ichki xavfsizlik vaziri hamda Milliy razvedka rahbari har bir bo'lajak qochqinning tahdid emasligini kafolatlashi zarur. Makkolning aytishicha, byuro qochqinlarning kimligini, qayerdan ekanini, oldin nima ish qilganini, qanday hayot kechirganini, qarindosh-urug'i va tanishlari kim ekanini surishtirishi lozim.

Biroq Federal qidiruv byurosi direktori Jeyms Komining aytishicha, mojaroga sho'ng'igan Suriyada bu ma'lumotlarni o'rganish qiyin.

Prezident Obama kelasi bir yilda 10 ming suriyalikka AQShda qochqin maqomi berilishi haqida aytgan. Suriya mojarosi to'rt yildan beri davom etayotgan bo'lsa, AQSh shu kungacha ikki ming suriyalik qochqinni qabul qilgan, xolos.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG